Abdulla Oripov she’riyatida xalqona uslub va milliy ruh uyg‘unligi

inLibrary
Google Scholar
doi
Выпуск:
CC BY f
63-71
57
24
Поделиться
Абдулхакимова, О. . (2023). Abdulla Oripov she’riyatida xalqona uslub va milliy ruh uyg‘unligi. Узбекистан: язык и культура, 1(2), 63–71. https://doi.org/10.47689/ULAC-vol1-iss2-y2022-pp63-71
Ойбарчин Абдулхакимова, Ташкентский государственный университет узбекского языка и литературы имени Алишера Навои

Доктор философии (PhD) в области филологии

Crossref
Сrossref
Scopus
Scopus

Аннотация

Ushbu maqolada Abdulla Oripov adabiy-estetik qarashlarida folklor an’analarining o‘rni tadqiq qilingan. Ijodkor badiiy-estetik tafakkuri yuksalishida xalq og‘zaki ijodining ta’siri masalasi uch bosqichga bo‘lib tahlil etilgan: 1) shoir ijodining ilk davrida xalq og‘zaki ijodiga murojaat;2) ijodkor poetik tafakkuri takomilida xalq og‘zaki ijodi motivlari badiiy sintezining o‘rni; 3) umr so‘ngida yaratilgan she’rlarida xalq og‘zaki ijodian’analarining poetik yangilanishi. Tahlillar natijasida folklor an’analariga ijodiy yondashuv, ularni poetik yangilash va takomilga yetkazish Abdulla Oripov she’riyatining abadiyatini ta’minlab kelayotgan asosiy omillar ekani yuzasidan ilmiy xulosalar chiqarilgan.


background image

Uzbekistan: Language and Culture 2022/2(2)

63

ISSN 2181-922X 63—71

Abdulla Oripov she’riyatida xalqona

uslub va milliy ruh uyg‘unligi

Oybarchin Abdulhakimova

1

Abstrakt

Ushbu maqolada Abdulla Oripov adabiy-estetik qarashlarida

folklor an’analarining o‘rni tadqiq qilingan. Ijodkor badiiy-estetik tafakkuri
yuksalishida xalq og‘zaki ijodining ta’siri masalasi uch bosqichga bo‘lib
tahlil etilgan: 1) shoir ijodining ilk davrida xalq og‘zaki ijodiga murojaat;
2) ijodkor poetik tafakkuri takomilida xalq og‘zaki ijodi motivlari badiiy
sintezining o‘rni; 3) umr so‘ngida yaratilgan she’rlarida xalq og‘zaki ijodi
an’analarining poetik yangilanishi. Tahlillar natijasida folklor an’analariga
ijodiy yondashuv, ularni poetik yangilash va takomilga yetkazish Abdulla
Oripov she’riyatining abadiyatini ta’minlab kelayotgan asosiy omillar ekani
yuzasidan ilmiy xulosalar chiqarilgan.

Kalit so‘zlar:

motiv, badiiy sintez, badiiy-estetik tafakkur, falsafiy-

poetik xulosa, ramziy-majoziy obraz, poetik yangilanish, fenomenal hodisa,

badiiy mahorat.

Kirish

Badiiy adabiyot yuzaga kelishining adabiy-estetik omili

hisoblangan xalq og‘zaki ijodi epos, qissa, ertak, hikoya, qo‘shiq,
maqol va topishmoq singari janrlarni o‘z ichiga oladi. Xalq og‘zaki
ijodi yuksak iste’dod egalari uchun ilhom manbaidir. Haqiqiy ijodkor
folklor materiallaridan ruh oladi, xalq dostonlari va ertaklarida
mavjud obraz va timsollarni qayta ishlaydi, maqol va matallardagi
oz so‘zda teran mazmunni ifodalash usullaridan san’atkorona
foydalanib, poetik jihatdan takomilga yetkazadi.

Asosiy qism

Millatning ulug‘ shoiri Abdulla Oripov ijodi, bu jihatdan,

tadqiqotlar uchun boy material beradi. Ijodkor badiiy-estetik
tafakkuri yuksalishida xalq og‘zaki ijodining o‘rni masalasini
quyidagi uch bosqichda o‘rganish mumkin:

1

Abdulhakimova Oybarchin Nurboy qizi

– filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

(PhD), Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.

E-pochta:

аbdulhakimovaoybarchin@gmail.com

ORCID ID:

0000-0003-2428-7547

Iqtibos uchun:

Abdulhakimova, B. N. 2022. “Abdulla Oripov she’riyatida xalqona

uslub va milliy ruh uyg‘unligi”.

O‘zbekiston: til va madaniyat

2(2): 63-71.


background image

64

Oybarchin ABDULHAKIMOVA

shoir ijodining ilk davrida xalq og‘zaki ijodiga murojaat;

ijodkor poetik tafakkuri takomilida xalq og‘zaki ijodi

motivlari badiiy sintezining o‘rni;

umr so‘ngida yaratilgan she’rlarida xalq og‘zaki ijodi

an’analarining poetik yangilanishi.

Folklor an’analarini teran bilish va ijod jarayonida qo‘llash

ijodkor badiiy-estetik tafakkuri takomilida alohida o‘rin tutadi. Chunki
xalq og‘zaki ijodi badiiy asardagi milliy ruh ifodasini kuchaytiradi.
Badiiy ijod namunalarini mohiyatan xalqqa yaqinlashtiradi.
Xalqni badiiyat sirlarini anglashga tayyorlaydi. Abdulla Oripov
she’riyati teran falsafiy tafakkur va milliy ruhni yuksak darajada
uyg‘unlashtirgani jihatidan ham fenomenal hodisa. Shoir lirikasini
ushbu kontekstda o‘rganish shoir ijod laboratoriyasiga chuqurroq
kirish, badiiy mahorati sirlarini nozikroq anglash imkonini beradi.

Ijodining ilk bosqichlaridanoq Abdulla Oripov she’riyatida

milliy ruhiyatni inja ifodalashga intilish kuchli bo‘lgani kuzatiladi.
Xalq dostonlari va ertaklar, maqollaru hikmatli so‘zlar, latifayu
hangomalarni chuqur o‘rgangan shoir ulardagi obraz va motivlarni,
so‘z o‘yinlariyu qochirimlarni lirik asarlarida mahorat bilan qo‘lladi.
“To‘g‘ri, shoir adabiyot olamiga kirib kelgan kezlarda, uning hayotiy
tajribasi yoxud ijodiy tayyorgarligi yetarli bo‘lmagandir, lekin iste’-
dod egalarining o‘ziga xos savqi tabiiysi, yana ham aniqroq aytgan-
da “payg‘omlar”ni qabul qilishga munosib qalb ko‘zi ochiqligini inkor

qilib bo‘lmaydi” [Davlatova 2022, 15].

Abdulla Oripov xalq maqollarini gohida aynan keltirsa, ba’zan

ular konstruksiyasiga juz’iy tahrirlar kiritadi.

“Mumtoz she’riyatda

xalq maqollaridan, masal va hikmatlardan foydalanish

irsoli masal

deb nomlanishi ma’lum. Ushbu badiiy san’at “...gapda yoki she’rda
maqol, matal va hikmatli so‘zlarni muayyan maqsadda tamsil yo‘li
bilan ishlatmoq”

[Исҳоқов 2014, 47]

ekani e’tiborga olinsa, shoirning

bu boradagi tajribasi ijod ahlining bugungi avlodiga o‘rnak bo‘larli
ekani ayon bo‘ladi.

Abdulla Oripov zamonaviy she’riyatimizda bu

san’atni yuksak mahorat bilan va eng ko‘p qo‘llagan shoir deyilsa,

aslo mubolag‘a emas” [O‘sarova 2020, 62]. She’r matniga olingan

maqollar konstruksiyasidagi o‘zgartirishlar ba’zan ma’no yoki
shaklga, ba’zan har ikkalasiga ham tegishli bo‘ladi. “Haqiqat yo‘llari”
nomli she’ridagi:

“Ba’zan yomon ot qolur yaxshi odamdan, hatto.

Qay bir yovuz kimsani yaxshi derlar erta kun”,

degan satrlar buning

isbotidir. “Yaxshidan nom qolur, yomondan dog‘” xalq maqolining
mazmuni shoir she’rida qarama-qarshi ma’noda qo‘llangan. Ba’zida
hatto yaxshi odamdan ham yomon ot qolishi mumkinligiga doir


background image

65

Abdulla Oripov she’riyatida xalqona uslub va milliy ruh uyg‘unligi

ifoda shoir maqolga ma’no jihatdan ham, shakl jihatdan ham ijodiy
ishlov berganini ko‘rsatadi. Bu esa, o‘z navbatida, Abdulla Oripovning
so‘zga nechog‘lik katta mas’uliyat bilan qaraganidan dalolat beradi.

She’rdagi

“Deydilar, har zamonning bordir o‘z tarozusi, Oh

naqadar rost erur ushbu buyuk haqiqat”

satrlari

“Har yerni qilma

orzu, har yerda bor tosh-u tarozi”

maqoli yangicha qo‘llangani bilan

alohida ajralib turadi. Maqolda urg‘u makonga berilgan bo‘lsa, shoir
e’tiborni zamonga qaratadi. Natijada ko‘lamli falsafiy-poetik xulosa
chiqariladi.

Abdulla Oripov adabiy-estetikasiga xalq og‘zaki ijodining

ta’siri shoir asarlarida folklorizmlarning, xususan, ertaklarda
uchrovchi motivlarning ko‘p qo‘llanishidir. Motivning syujet
tarkibidagi halqalardan biri hamda voqelikni yuzaga keltiruvchi
asosiy unsur ekani e’tiborga olinsa, ularning shoir ijodida mahorat
bilan qo‘llanishi sabablari oydinlashadi. “Uyqu” va “Ko‘zgu” she’rlari,

bu jihatdan, alohida o‘rin tutadi. Shoirning “Uyqu” she’ri 1965,

“Ko‘zgu” 2015-yilda yozilgan bo‘lishiga qaramay, ular bir-birining
uzviy davomidek taassurot qoldiradi. Bilamizki, xalq og‘zaki ijodida
“uyqu” va “ko‘zgu” motivi bor. Dostonlarda ham voqelikni yuzaga
keltiruvchi “uyqu” motivi ko‘p o‘rinlarda qo‘llaniladi. Masalan,
“Alpomish” dostonida Surxayil kampir Alpomishga uyqu dori berib,
chohga tashlaydi va u uzoq muddat uyquga ketadi. Dostonlarda
qahramonlarni uyquga ketkazish, ya’ni uyqu motivini qo‘llash orqali
salbiy qahramonlarning yovuzliklari amalga oshiriladi. Abdulla
Oripov “Uyqu” she’rida barcha nohaqliklardan yiroqda bo‘lish,
jamiyatdagi voqea-hodisalardan ayro yashamoq niyatida uzoq vaqt
uyquga ketish istagini mana bu tarzda badiiy talqin etadi:

Odamlar uxlaydi, o‘n yil, o‘n besh yil,
Sezmasdan, sevmasdan, hissiz va mudroq.
Ba’zida ochiq gap, o‘rtansa ko‘ngil.
Uxlagim keladi mening ham uzoq.

Bu uyqu orqali shoir o‘zi yashab turgan muhitdan, barcha

narsadan uzilishni xohlaydi. Lekin ushbu holat muayyan voqelik
va uning ta’siridagi kayfiyat mahsuli bo‘lib, barqaror emas. Lirik
qahramon iroda kuchi bilan bu kayfiyatni yenga oladi. Inson kurash
uchun yaralgan, kurash tiriklikning asosiy sharti deb bilgan shoir
uyquni o‘limga mengzaydi. Natijada hayot falsafasining asl mohiyatini
aks ettiruvchi mana bunday xulosaga keladi:

Ammo bormi imkon bunday uyquga,

Kurashga yaralgan jafokash inson.


background image

66

Oybarchin ABDULHAKIMOVA

Har qanday kurash ham hayotdir unga,
Har qanday uyqu ham – o‘lim har qachon!

Ushbu satrlar xalqimizning “Uyqu o‘limdan qattiq” degan

mashhur maqoli bilan muayyan uyg‘unlikka ega. Ma’lum bo‘ladiki,
Abdulla Oripov xalq maqollarini yoki folklor asarlaridagi motivlarni
aynan takrorlamaydi. Ularni ijodiy qayta ishlaydi, individual
falsafiy qarashlari bilan boyitadi, poetik talqin jihatdan mukammal
darajaga yetkazadi. Shoir fikricha, har qanday kurash – hayot
belgisi, har qanday uyqu – o‘lim alomati. Kurash va uyqu, hayot va
o‘lim tushunchalari hosil qilgan tazod muallif ifodalamoqchi bo‘lgan
fikrning ta’sir kuchini oshirib yuborgan.

“Ramz, ishora – badiiy ijodning bosh belgisidir. Hayotni

boriday aks ettirishga qaratilgan odmi so‘z badiiyatga tegishli emas.
Ta’sirli, hissiy so‘zgina ko‘rkamlik yaratadi” [Yo’ldosh Qozoqboy,

2018, 496].

Ma’lumki, xalq og‘zaki ijodida, xususan ertaklarda hayvonlar

ramziy-majoziy obrazlar sifatida badiiylikning asosiy omili vazifasini
o‘taydi. Shu turdagi obrazlar vositasida hayotiy haqiqatlar badiiy
haqiqatga aylantiriladi. Folklor materiallarida xalqning ruhiyati,
kechinmalari, orzu-armonlari ramziy-majoziy obrazlarga ko‘chirilib
tasvirlanadi. Xalq og‘zaki ijodida har bir jonivor muayyan ramzni
ifodalab keladi. Masalan, bo‘ri – ochko‘zlik, ayiq – laqmalik, go‘llik,
chumchuq – chaqimchilik, sher – kuch-qudrat, it – vafo, tulki
esa ayyorlik ramzi. Abdulla Oripov ijodida ham ramziy-majoziy
tasvir yetakchilik qiladi. Bu tipdagi obrazlar shoir badiiy-estetik
qarashlarini o‘zida mujassam etishi jihatidan qimmatlidir.

Shoir lirikasida it obrazi faol qo‘llangan. Abdulla Oripov badiiy-

estetik tafakkurining o‘ziga xosligi shundaki, u muayyan hodisaga yoki
ma’lum bir mavzuga kutilmagan tomondan yondashadi. Jumladan,
xalq og‘zaki ijodiga xos obrazlar talqinida ham hech bir ijodkorni
takrorlamaydi. Hech kimning xayoliga kelmagan ohorli tashbehlaru
istioralarni qo‘llaydi. “Hikmatli gaplarga” (1979) she’rining tahlili
ham ushbu fikrni tasdiqlaydi:

Hikmatli gaplarga quloq solmoq darkor.
Quloq solmoq darkor xalqning so‘ziga,
Lekin odamlarning bir odati bor,
Maqol to‘qiydilar moslab o‘ziga.

She’rning ushbu boshlanma bandida hikmatli gaplar, xalq-

ning so‘zi ahamiyatli ekani haqidagi poetik fikr o‘zani birdaniga
kutilmagan tarafga buriladi. “Lekin” zidlov bog‘lovchisi shoir ijodiy


background image

Abdulla Oripov she’riyatida xalqona uslub va milliy ruh uyg‘unligi

67

niyati o‘zgacha ekaniga ishoradir. Odamlarning o‘ziga moslab maqol
to‘qishi haqidagi ikki satr ijodkorning she’r muhibiga aytmoqchi
bo‘lgan fikri odatiy emasligidan ogoh etadi. O‘quvchi she’r davomini
intiqlik va alohida qiziqish bilan mutolaa qilishga tayyorlanadi:

Masalan, it – vafo demishlar, hayhot,

It egalari buni to‘qiganlar zab.
Birovning itidan bo‘lgil ehtiyot,
O‘zingniki bo‘lsa boshqa gap.

She’rda “It – vafo...” degan mashhur maqolga o‘zgacha

rakursdan munosabat bildirilgan. Shoir itni ikki turga ajratadi:
birovlar iti va o‘zingniki. Begona it, odatda, o‘zi tanimagan odamga
bor kuchi bilan tashlanadi. Bundan tashqari, it egalari ko‘ppagini o‘zi
yoqtirmagan odamga olkishlashi ham mumkin. Shoirning birovlar
itidan ehtiyot bo‘lishni tavsiya etayotgani sababi shunda. “O‘zingniki
bo‘lsa boshqa gap” – bu satr “It egasini qopmas” degan bu jonivor
bilan bog‘liq boshqa maqolning o‘ziga xos badiiy talqinidir. Ushbu
obrazning majoziy ma’noda qo‘llangani e’tiborga olinsa, shoir bir
qancha ma’no qatlamlariga ega teran fikrni poetik ifodalagani ayon
bo‘ladi. Inson hayoti ham, xarakteri ham biz o‘ylagandan ko‘ra
murakkab. Kimgadir ezgulik timsoli bo‘lib ko‘ringan kishi ba’zan
arzimagan manfaat ilinjida uchinchi bir kimsaning qutqusi bilan
boshqa birovga yomonlik qilishi ham mumkin. Bu she’r, aslida,
jamiyat hayotidagi murakkab munosabatlar ramziy-majoziy obraz
vositasida bor ziddiyatlari bilan talqin etilgani jihatidan badiiy
yangilikdir.

Abdulla Oripov umrining so‘nggi yillarida bebaho ijodiy

samara manbai hisoblangan xalqona ohanglarga kuchliroq rag‘bat
ko‘rsatdi. Xalqona ruh va falsafiy teranlik mutanosibligi bu davrda
yangi poetik darajaga yuksaldi. Ayni shu xususiyat haqida shoir ijod
laboratoriyasini o‘rgangan Adiba Davlatova quyidagicha yozadi: “U
she’riyat bilan birga o‘sdi, ulg‘aydi. Xuddi tuyg‘ulari kamol topib,
cho‘nglashib borgani kabi adabiyotga qarashi, uning masalalariga
muayyan munosabati ham shakllanib bordi. Har bir odam o‘ziga xos
individual qobiliyat va intellekt sohibi. Lekin buning o‘zi yetarli emas.
Odam ma’lum sohada muayyan natijaga erishishi uchun albatta

ilmiy va amaliy maktablarni o‘tamog‘i lozim” [Davlatova 2022, 18].

Ijodkorning “Haj daftari” turkumidagi “Ona”, “Ro‘za” she’rlari shular
jumlasidandir. Shoir “Ona” nomli she’rida:

Qavmimni ranjitib qo‘ymayin, ammo
Tobut yasab kelgan er zoti doim.


background image

68

Oybarchin ABDULHAKIMOVA

Onalar bag‘riga faqat beshik jo,

Hayotbaxsh allalar aytgan, muloyim.

Beshik – tug‘ilish, ya’ni hayotning ibtidosi ramzi. Tobut esa

o‘limni, ya’ni umr intihosini ifoda etadi. Ramziy ma’noda, ular ikki
eshikka mengzaydi: biridan hayot ostonasiga kiriladi, ikkinchisidan
chiqib ketiladi. She’rda inson hayoti ana shu ikki eshik – beshik
va tobut oralig‘ida kechishi falsafiy talqin etilgan. Bu ikki ramziy
obraz hosil qilgan tazod she’rning mazmunan teran, badiiy jihatdan
mukammal bo‘lishini ta’minlagan. “Beshik” va “hayotbaxsh alla”
tanosubi ham she’rning ta’sir kuchini oshirgan. O‘zbek onalari
tug‘ilgan go‘dakni beshikka belab, allalar aytishi qadim-qadimdan
odat bo‘lib keladi. Alla – xalqimizning eng qadimiy qo‘shiqlaridan
bo‘lib, asosan beshikdagi bolaga aytilgan. Demak, “beshik” va “alla”
egizak tushunchalardir. Onalar alla orqali Allohdan farzandining
umri uzoq bo‘lishini, komil inson bo‘lib ulg‘ayishini so‘rab niyat
qilishadi. Ana shu ezgu tushunchalar she’rda milliy ruh va teran
falsafa uyg‘unlashuvini ta’minlagan.

“Ro‘za” she’ri ham o‘zbek ruhiyatini, xalqimizning toza

tabiatini ifodalagani bilan alohida ajralib turadi. Musulmon ahli
uchun Ramazon hayiti nechog‘liq ulug‘ bayram hisoblansa, qadimiy
milliy bayram hisoblangan Navro‘z xalqimiz uchun shunchalik
qutlug‘ ayyomdir. She’rda ana shu ikki muborak bayram ruhi o‘ziga
xos poetik tasvir vositalari orqali betakror talqin etilgan:

Ramazon oyida, hayit chog‘ida,
Sumalak pishirdi ahli musulmon.
Unni qovurdilar ahli musulmon,
Halim tayyorladi kimda bor imkon.

Bahor keldi, mana, qishdan chiqoldik,

Bergan rizq-ro‘ziga, ne’matga sharaf.

Tog‘dayin zahmatni axir yiqoldik,

Tabiatga sharaf, himmatga sharaf.

Sumalak va halim shunchaki ovqat emas. Bu ikki taomni

bir-ikki kishi emas, odatda, ko‘pchilik pishiradi. “Ahli musulmon”ni
birlashtiradigan, boshini qovushtiradigan, ahillik va birdamlik
ramziga aylangan ne’matlardir ular. O‘zbek xarakteri, millat ruhiyati
shunday: har bir ne’matga shukr aytadi. Qishdan chiqib, bahorga
yetgani uchun ham, rizq-ro‘zini butun qilgani uchun ham, tog‘dayin
zahmatni yenga bilgani uchun ham shukr izhor etilayotgani she’rda
milliy ruhiyat o‘ziga xos badiiy talqin etilgani isbotidir.


background image

Abdulla Oripov she’riyatida xalqona uslub va milliy ruh uyg‘unligi

69

“O‘ng qovog‘im uchdi-yo” she’riga shoir “Xalqona” deb

izoh bergan. She’r shoir lirik kechinmalarini, milliy ruhiyatni
ifoda etishdan tashqari, folklorga xos badiiy tasvir vositalaridan
san’atkorona foydalanilgani bilan ham yuksak badiiy qimmatga ega.

O‘ng qovog‘im uchdi-yo,
Chap qovog‘im uchdi-yo.
Olislarda qolgan yurtim
Birdan esimga tushdi-yo.

She’r oxiriga 2016-yil 10-oktyabrda yozilgani qayd etilgan.

Demak, shoir vafotidan roppa-rosa yigirma besh kun avval ijod
etilgan she’r. Shaxs va ijodkor sifatida bir umr Vatan muhabbatini
qismat deb bilgan Abdulla Oripov xalqona ohangda olislarda qolgan
yurtini eslayapti. O‘ngmi yoki chapmi, qovoq uchishiga e’tibor berish,
bunga ma’no yuklash o‘zbekning tiynatiga xos tushuncha. She’r, shu
jihatdan, milliy ruhni ifoda etgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbek – bolajon xalq. Bu elning tabiati shunday: qaerda,

qay vaziyatda bo‘lmasin, bolalari – jigarbandlarini, yaqin do‘stlarini
o‘ylaydi. Ularga yaxshilik sog‘inadi. Millatning ana shu fazilati
umrining so‘nggi kunlarini yashayotgan, ehtimol, buni ko‘ngli sezib
turgan buyuk shoir kechinmalari tarzida izhor etilyapti:

“Bolalarim

omonmikan, Gulzorlarim chamanmikan. Davradoshu jo‘ralarim
Haliyam men tomonmikan”.

Bunday kezlari, odatda dildagi armonlar ham eslanadi:

“Hayitda ham borolmadim, Jigarlarim so‘rolmadim. Qancha hafta,

oylar o‘tdi, Qishlog‘imni ko‘rolmadim”.

Eng ahamiyatlisi, bu armonlar

ham jigarlarga oqibat, ona zaminga muhabbat tuyg‘usi bilan
yo‘g‘rilgan. Lirik kechinma va toza tuyg‘ular, xalqona uslub va milliy
ruh uyg‘unligida bitilgan bu satrlarni befarq o‘qish imkonsiz.

O‘ng qovog‘im uchdi-yo,
Chap qovog‘im uchdi-yo.
Uzoqdagi shoir o‘g‘li
Kimning yodiga tushdi-yo.

Abdulla Oripov muhabbat haqida yozadimi yoki tabiatni vasf

etadimi, ijtimoiy voqelikdan olgan taassurotlarini qalamga oladimi
yoki hayot falsafasini talqin qiladimi, qat’i nazar, mavzuni jondan
sevgan Vatani va ona xalqi tomonga buradi. Farzand sifatida ham,
shoir sifatida ham qismatini Vatan va xalq taqdiri bilan uyg‘un deb
bildi. Xalqining kamolini, ona Vatanining taraqqiysini ko‘rmoqni orzu
qildi, butun kuchini, bor ijodiy salohiyatini ana shu muqaddas ishga
safarbar etdi. Shu bois xalqning uzoqdagi shoir o‘g‘lini unutishi,


background image

70

Oybarchin ABDULHAKIMOVA

yod etmasligi uning uchun hayot-mamot masalasi bo‘lgan. Ana
shu iztirob shoir ko‘nglini larzaga solgan. Bu hol umrining so‘nggi
lahzalarigacha shoir ona Vatan, jonajon xalqi yodi bilan yashaganiga
yorqin dalildir. Bu hol Abdulla Oripov adabiy-estetik qarashlarining
negizida Vatan va xalq muhabbati turgani haqidagi to‘xtamga olib
keladi.

Xulosa

Abdulla Oripov ijod olamiga kirib kelgan dastlabki kezlaridan

milliy folklor namunalarini qunt va sabot bilan o‘rgangan. Milliy
ruhiyatni betakror badiiy talqin etish, xalqona uslub imkoniyatlaridan
san’atkorona foydalanish shoir she’riyatining asosini tashkil
etgan. Xalq og‘zaki ijodi motivlarining badiiy sintezi ijodkor badiiy
tafakkuri takomilida alohida o‘rin tutgan. Umr so‘ngida yaratilgan
she’rlarida ham xalq og‘zaki ijodi an’analarini poetik yangilashga
alohida diqqat qaratgan. Ushbu xususiyatlar, o‘z navbatida, Abdulla
Oripov she’riyatining abadiyatini ta’minlab kelayotir.

Adabiyotlar

Орипов, Абдулла. 2019.

Танланган асарлар.

Тошкент.

Давлатова, Адиба.

Абдулла Орипов шеъриятида поэтик тафаккур та

-

дрижи.

Филол. фан. док-ри.... дисс. 2022. Тошкент.

Исҳоқов, Ёқубжон. 2014.

Сўз санъати сўзлиги.

Ўзбекистон. Тошкент.

Йўлдош, Қозоқбой. 2018.

Сўз ёлқини.

Ғафур Ғулом номидаги НМИУ.

Тошкент.

Ўсарова, Лайло. 2020.

Абдулла Орипов асарларида миллий руҳ ифодаси.

Филол. фан. бўйича фалсафа док-ри... дисс. автореферати.

Тошкент.


background image

Abdulla Oripov she’riyatida xalqona uslub va milliy ruh uyg‘unligi

71

Popular style and nationality in Abdulla

Aripov’s poetry the harmony of spirit

Oybarchin Abdulhakimova

1

Abstract

In this article, Abdulla Aripov’s literary and aesthetic views the role

of folklore traditions is explored. The question of the impact of folk oral
creativity on the rise of the artist’s artistic and aesthetic thinking is an-

alyzed in three stages: 1) appeal to folk oral creativity in the first period

of the poet’s work; 2) the place of the artistic synthesis of motives of folk
oral creativity in the improvement of the poetic thinking of the creator; 3)
poetic renewal of folk oral traditions in poems created at the end of life. As

a result of the analysis, scientific conclusions were drawn that the creative

approach to folklore traditions, their poetic renewal and improvement are
the main factors that ensure the immortality of Abdulla Aripov’s poetry.

Key words:

Motive, artistic synthesis, artistic-aesthetic thinking,

philosophical-poetic conclusion, symbolic-figurative image, poetic innova

-

tion, phenomenal event, artistic skill.

References

Oripov, Abdulla 2019.

Tanlangan asarlar.

Sharq. Toshkent.

Davlatova, Adiba. A

bdulla Oripov she’riyatida poetik tafakkur tadriji.

Filol.

fan. dok-ri.... diss. 2022. Toshkent.

Is’hoqov, Yoqutjon. 2014.

So‘z san’ati so‘zligi.

O‘zbekiston. Toshkent.

Yo‘ldosh, Qozoqboy. 2018.

So‘z yolqini.

G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU.

Toshkent.

O‘sarova, Laylo. 2020.

Abdulla Oripov asarlarida milliy ruh ifodasi.

Filol.

fan. bo‘yicha falsafa dok-ri... diss. avtoreferati. Toshkent.

1

Abdulhakimova Oybarchin Nurboy kizi

- Doctor of Philosophy (PhD) in Philo logy,

Tashkent State University of Uzbek Language and Literature named after Alisher
Navo’i.

E-mail:

abdulhakimovaoybarchin@gmail.com

ORCID ID:

0000-0003-2428-7547

For citation:

Abdulhakimova, O. 2022. “Popular style and nationality in Abdulla

Aripov’s poetry the harmony of spirit”.

U

zbekistan: Language and Culture.

2(2):

63-71.

Библиографические ссылки

Орипов, Абдулла. 2019. Танланган асарлар. Тошкент.

Давлатова, Адиба. Абдулла Орипов шеъриятида поэтик тафаккур тадрижи. Филол. фан. док-ри.... дисс. 2022.Тошкент.

Исҳоқов, Ёқубжон. 2014. Сўз санъати сўзлиги. Ўзбекистон. Тошкент.

Йўлдош, Қозоқбой. 2018. Сўз ёлқини. Ғафур Ғулом номидаги НМИУ. Тошкент.

Ўсарова, Лайло. 2020. Абдулла Орипов асарларида миллий руҳ ифодаси. Филол. фан. бўйича фалсафа док-ри... дисс. автореферати. Тошкент.

inLibrary — это научная электронная библиотека inConference - научно-практические конференции inScience - Журнал Общество и инновации UACD - Антикоррупционный дайджест Узбекистана UZDA - Ассоциации стоматологов Узбекистана АСТ - Архитектура, строительство, транспорт Open Journal System - Престиж вашего журнала в международных базах данных inDesigner - Разработка сайта - создание сайтов под ключ в веб студии Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil - ilmiy elektron jurnali yuridik va jismoniy shaxslarning in-Academy - Innovative Academy RSC MENC LEGIS - Адвокатское бюро SPORT-SCIENCE - Актуальные проблемы спортивной науки GLOTEC - Внедрение цифровых технологий в организации MuviPoisk - Смотрите фильмы онлайн, большая коллекция, новинки кинопроката Megatorg - Доска объявлений Megatorg.net: сайт бесплатных частных объявлений Skinormil - Космецевтика активного действия Pils - Мультибрендовый онлайн шоп METAMED - Фармацевтическая компания с полным спектром услуг Dexaflu - от симптомов гриппа и простуды SMARTY - Увеличение продаж вашей компании ELECARS - Электромобили в Ташкенте, Узбекистане CHINA MOTORS - Купи автомобиль своей мечты! PROKAT24 - Прокат и аренда строительных инструментов