Том 1 № 2 (2022): Узбекистан: язык и культура. Литературоведение
Статьи
Alisher Navoiy va Lorendeli Hamdiy “Layli va Majnun” dostonlarining qiyosiy tahlili
Usmonli turk adabiyotida “Layli va Majnun” dostonlarini yozgan shoirlarning soni 20 dan ortadi. Ular orasida Lorendeli Hamdiyning 1542 yilda yaratilgan “Layli va Majnun” dostoni o‘ziga xos o‘ringa ega. Doston forsiy xamsanavislar dostonlariga javoban yozilibgina qolmay, “Doston- ning yozilish sababi” bobida Hamdiy o‘zbek ijodkori Alisher Navoiyning nomini ham tilga oladi. Hamdiyning ushbu dostoni adabiyotshunoslikda forsigo‘y salaflari: Nizomiy, Dehlaviy va Jomiylarning dostonlari bilan qiyosan o‘rganilgan, lekin Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni bilan maxsus muqoyasa etilmagan. Har ikki dostonning syujet xususiyatlari, qahramonlar tasviri va voqealar rivojida mushtarakliklar ko‘zga tashlanadi. Lekin kompozitsion qurilish, janriy tarkib va dostonlarda qo‘llanilgan vazn nuqtai nazaridan farqlar ko‘zga tashlanadi. Alisher Navoiy dostoni 38 bob, 3623 baytdan iborat bo‘lsa, Lorendeli Hamdiyning masnaviysi hajman anchagina katta: 5441 baytdan iborat. Hamdiy o‘z dostonini faqat masnaviyda yozib qolmay, uning tarkibiga g‘azal, qasida kabi janrlarni ham kiritgan. Alisher Navoiy esa, turkiy tilda ilk “Xamsa”ni yaratgani uchun xamsanavislikning barcha an’analarini to‘la saqlab qolgan. Hamdiy dos- tonini tadqiq qilish asnosida unda Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoniga o‘xshash jihatlar ham borligi ma’lum bo‘ldi.
Xorazm adabiy muhitida devonchilik an’anasi
Mazkur maqolada XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Muhammad
Rahimxon II Feruz asos solgan Xorazm adabiy muhiti devonchilik an’anasining o’ziga xos shakllari, shahzoda shoirlardan Sultoniy va Sa’diy ijodi va ular tomonidan tartib berilgan devonlar, devonlardagi ba’zi she’rlar, xususan, g’azal, mustazod, muxammaslaridan numunalar keltiriladi, qo‘lyozmalardagi she’rlar matni O‘zbekiston Respublikasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan manbalar asosida tahlil etiladi. Xorazm devonchilik an’analarini o‘rganish, shahzoda shoirlar, xususan, Sultoniy, Sa’diy, G’oziy, Asadlar tomonidan tartib berilgan devonlar qo‘lyozmalarining o‘zaro matniy-qiyosiy tadqiqi va tahlilini amalga oshirish o‘zbek adabiyoti tarixini to‘ldiradi hamda bu davrning tarixiy, madaniy, adabiy muhitini o‘rganish muhim manba bo‘ladi.
Falsafiy-irfoniy dostonlarda vazn va mazmun munosabati
Mazkur maqolada irfoniy dostonlarning kelib chiqishi, genezisi, tadrijiy taraqqiyoti, turkiy va forsiy adabiyotdagi rivojlanish tamoyillari tadqiq etilgan. Fariduddin Attor, Gulshahriy, Alisher Navoiy, Rizoiy Payvandiy, Salohiylarning dostonlari tahlilga tortilgan. Ushbu ijodkorlar dostonlaridagi vazn xususiyatlari, o‘lchov imkoniyatlari, she’riy san’atlar, qofiyalar tizimi o‘rganilgan, tahlil qilingan. Maqolada irfoniy dostonlarda vazn va mazmun munosabati ham ochib berilgan. Shuningdek, maqolada adabiyotshunoslikdagi mavjud qarashlarga, fikrlarga munosabat bildirilgan. Dostonlar baytlarini ifodali o‘qish uchun vasl, imola, tag‘yir, taslim hodisalariga oydinlik kiritiladi. Tadqiqotni yozish jarayonida B.Valixo‘jaevning “O‘zbek epik poeziyasi tarixidan” kitobi, Arasli No‘shobaning “Gulshahriy va Navoi” maqolasi, Sh.Sharipovning““Lison ut-tayr” dostonining genezisi va g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari” kitobi, Sh.Hasanovaning “Mavlono Xoji Qozi Payvandiy Rizoiyning “Qush tili” dostoni va uning qiyosiy-tekstologik tadqiqi” monografiyasi, Z.Mamadaliyevaning “Lison ut-tayr” obrazlari: ramz va majoz” singari tadqiqotlaridagi nazariy qarashlarga tayanildi. Irfoniy dostonlar yo‘nalishidagi asarlar uchun ramali musaddasi mahzuf, ramali musaddasi maqsur vaznlari qulayligi ochiqlandi.
Jadid she’riyatida peyzaj bilan bog‘liq poetik obrazlar tasviri
Ushbu maqolada o‘zbek adabiyotshunosligidagi dolzarb masalalardan biri peyzaj bilan bog‘liq badiiy obrazning jadid she’riyatida qo‘llanilishi, badiiy estetik vazifalari tahlil etilgan. Unda mumtoz adabiyotimizda keng qo‘llanilgan peyzaj bilan bog‘liq badiiy obrazlar tadqiq etilib, jadid shoirlari ijodida mazkur obrazlarga yangi ma’no va mazmun yuklanganligi yoritib berilgan. Bu esa maqola muallifiga jadid she’riyatining dunyoviy va ijtimoiy mohiyatini chuqurroq anglash va tushunishga imkon yaratgan.
Maqolada Cho‘lpon, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy she’rlari misolida peyzaj bilan bog‘liq obrazlarning XX asr boshlari o‘zbek she’riyatidagi o‘rni o‘rganilgan. Jadid shoirlari ijodida ko‘p uchraydigan “quyosh, “oy” , “yulduz”, “bulut”, “barg” , “gul”, “yo‘l” , “tong yeli”, “shamol”, “binafsha”, “qish”, “ko‘klam” singari ko‘plab obrazlarning zohiriy va botiniy qirralari kuzatilib, muayyan umumlashmalar chiqarilgan.
Yozuvchi biografiyasi va bola ruhiyati o‘ziga xosligi
Ushbu maqolada o‘zbek bolalar adabiyotining yirik namoyandasi yozuvchi Xudoyberdi To‘xtaboev asarlari tahlilga tortilgan bo‘lib, ularda o‘smir ruhiyati ifodasi, shuningdek, bola ruhiyatini tasvirlar ekan, unda yozuvchi biografiyasining qay darajada ishtirok etishi masalasiga ham batafsil to‘xtab o‘tilgan. Aslida, Har qanday badiiy asarda qaysidir darajada yozuvchining biografiyasi aks etishi tabiiy. Zero, yozuvchi asar yozar ekan, uning hayoti davomida duch kelgan voqealari hamda kechirgan his-tuyg‘ulari o‘sha asarda muhrlanib boradi. Biz yozuvchi Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlari tahliliga to‘xtalar ekanmiz, ularda, avvalo, yozuvchining hayot yo‘li, xarakteri (tabiati) aks etishini ko‘ramiz.
Shuningdek, maqolada bugungi o‘zbek bolalar adabiyotidagi bosh muammo – bola tarbiyasida uning ruhiyati birlamchi ekanini badiiy asarlar misolida yoritib berildi. Bolalar uchun yozigan badiiy asar bola ruhiyatining in’ikosi ekani ta’kidlangan.
Abdulla Oripov she’riyatida xalqona uslub va milliy ruh uyg‘unligi
Ushbu maqolada Abdulla Oripov adabiy-estetik qarashlarida folklor an’analarining o‘rni tadqiq qilingan. Ijodkor badiiy-estetik tafakkuri yuksalishida xalq og‘zaki ijodining ta’siri masalasi uch bosqichga bo‘lib tahlil etilgan: 1) shoir ijodining ilk davrida xalq og‘zaki ijodiga murojaat;2) ijodkor poetik tafakkuri takomilida xalq og‘zaki ijodi motivlari badiiy sintezining o‘rni; 3) umr so‘ngida yaratilgan she’rlarida xalq og‘zaki ijodian’analarining poetik yangilanishi. Tahlillar natijasida folklor an’analariga ijodiy yondashuv, ularni poetik yangilash va takomilga yetkazish Abdulla Oripov she’riyatining abadiyatini ta’minlab kelayotgan asosiy omillar ekani yuzasidan ilmiy xulosalar chiqarilgan.
Abdulla Oripovning xorijda yaratilgan she’rlarida obrazlar tasnifi va tadriji
Maqolada A.Oripovning xorijda yaratilgan asarlaridagi obrazlar tizimi, ularning yangilanish bosqichi, nazariy tasnifi amalga oshirilgan.Obrazlar tasnifi asosida ulardagi o‘zgarishlar, kechinmani ifodalashdagi o‘rni tahlil etiladi. She’rlar yillar kesimiga muvofiq tarzda guruhlarga ajratilib, ulardagi tafakkur tadriji aniqlanadi. Vatan, ayol, yoshlik kabi mavzularda shoirning obrazlarni qo‘llash mahorati, lirik kechinmani ifoda etish usullari xususida so‘z yuritiladi. Xorijda yaratilgan 8 turkumdagi she’rlar badiiyati o‘zaro qiyos etiladi. Ularda shoir kechinmalarini aks ettirish yo‘llari aniqlanib, she’rlar makon va zamon nuqtayi nazaridan tasnif etiladi. Inson, hayvon, geografik makon, detal obrazlarning o’zaro qiyosiy tahlili amalga oshirilib, ushu obrazlarni yaratishda shoirning badiiy mahorati tadqiq etiladi. Xorij safarida yaratilgan she’rlarning obrazlar tizimida lirik kechinma aks etilishi masalasi yoritiladi.
She’riyatda Me’roj kechasi tasviri (Alisher Navoiy, Furqat va Abdulla Oripov ijodi misolida)
Ushbu maqolada Me’roj kechasining she’riyatda aks etishi muhokama qilinadi. Me’roj kechasini tasvirlashda Alisher Navoiy, Furqat va Abdulla Oripovning ijodidan misollar keltirib, tahlil qilinadi va bu uchijodkor she’rlaridagi mavzuning mushtarak va farqli jihatlari o‘rganiladi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s. a. v.) ga na’t yanglig‘ yaratilgan asarlarda me’roj kechasining tasviri alohida o‘rin tutishi, bu kechaning musulmon sharq adabiyotida o‘ziga xos obraz darajasiga ko‘tarilgani, shuningdek, Isro va Me’roj kechalarining farqi xususida mulohazalar bayon etilgan. Bu tasvirlar mumtoz shoirlarimizda yuksak pafos bilan yo‘g‘rilganligi va A.Oripovda sokin va bosiq holatda yoritilganligi badiiy asarlardan keltirilgan misollar yordamida dalillanadi. Me’roj kechasidagi voqea- hodisalar ketma-ketligi har uchala ijodkorning she’riy asari misolida ko‘rib chiqiladi va shular asosida ilmiy xulosalar chiqariladi.