Том 1 № 1 (2023): Узбекистан: язык и культура. Литературоведение
Статьи
“Al-isloh” jurnalida ta’lim islohi masalasining yoritilishi
Jadid ziyolilarining “Oyna”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” kabi nufuzli nashrlaridan “Al-Isloh”(1915-1918) jurnalidagi ilm-ma’rifatga, ta’lim islohiga doir she’riy asarlar va publitsistik maqolalar tadqiq qilingan. Jurnaldagi yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, maktab va madrasalarda gi o‘qitish tizimi borasida jadid ziyolilarining bahs munozaralari tahlil qilinib, xolis mulohazalar yuritilgan. Jadidlarning Turkiston xalqi hayotidagi qoloqliklarni, ma’rifatsizlikni isloh qilish g‘oyasi bilin yo‘g‘rilgan publitsistik maqolalari ilk bor birlamchi manba asosida yoritilgan. Ma’rifat targ‘ibi, maktablar islohi masalasi Saidahmad Vasliy, Ziyovuddin qori, Abdulg‘afforxo‘ja, Xolmuhammad, To‘raquli, Mubashshirxon singari ziyolilar asarlari misolida tahlil qilinib, ilmiy-nazariy xulosalar chiqarilgan.
Nizomiy va Navoiy: bir mavzuning turfa talqini
Adabiyot tarixi jahon xalqlari tarixi bilan bevosita aloqador bo‘lib, uning taqdiri insoniyat kamoloti va tanazzuli bilan parallel kechadi. Shunga muvofiq dunyo adabiyotining mavzular galereyasi ham xilma-xil, ular ning orasida esa jangnoma yoki shohnoma mavzusi alohida ajralib turadi. Bu mavzuning moyasi mashhur sarkarda, podshoh yoki pahlavonlar hayoti-faoliyati bo‘lib, ulardan ba’zilari dunyo adabiyotida an’ana yoki turkum asarlar yuzaga kelishiga sabab bo’lgan. Butun dunyoda adabiy shon-sharaf qozongan ana shunday qahramonlardan biri Iskandar (Sharqda Iskandar, G‘arbda esa Alexander The Great deb ataluvchi shaxs) bo‘lib, Sharq va G‘arb adabiyotiga birdek ta’sir ko‘rsatgan bunday siymoni qayta uchratish mushkul. Uning nomi tillarda doston bo’ldi va amalga oshirgan ishlari ijodkorlarni ilhomlantirdi. Xususan, Iskandar mavzusi Sharqda keng yoyilib, ko’plab iskandarnomalar yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Ushbu maqolada xamsanavislik an’anasi doirasida yaratilgan ana shunday dostonlar Nizomiy Ganjaviyning “Iskandarnoma” va Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonlari qiyosiy tahlil etish maqsad qilingan. Har ikki adibning ijodiy originalligi “Iskandarning Chinga yurishi epi- zodi” tasviri misolida ochib berilgan. Muallif bunda ishonchli manbalarga tayangan va o’z maqsadiga erishish uchun qiyosiy-tarixiy, madaniy-tarixiy, genetik tahlil kabi usullardan foydalangan.
Qofiya turlarining nazariy asoslari, tasnifi
Mumtoz qofiya ilmi alohida mustaqil ilm sifatida poetikaning tarkibiy qismi sifatida risolalar tarkibida alohida tadqiq etilgan. Poetikaga oid risolalarning barchasida adabiy tur va janrlar, badiiy san’atlar, aruz vazni kabi ilmlar qatorida qofiya ilmi nazariyasi alohida qismlar ostida taqdim qilingan. Mumtoz adabiyotda qofiyaning bir necha jihatlariga ko‘ra turlari o‘rganilgan. Alohida ta’kidlash kerakki, qofiyaning turli jihatlariga ko‘ra bu turlarining mukammal tarzda qo‘llanishi baytlar takomilini belgilab bergan. Maqolada poetikaga oid risolalarda keltirilgan qofiyaning vazniy, raviy harfining ishtirokiga ko‘ra, qofiya harflarining ishtirokiga ko‘ra, qofiyaning tuzilishiga ko‘ra bir qancha turlarining nazariy asoslari qiyosiy tarzda o‘rganiladi.
Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy “Layli va Majnun” dostonlari muqaddimalarining qiyosiy tahlili
Maqolada turkiy adabiyotda mavjud ikki yirik asar – Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliyning “Layli va Majnun” dostonlari qiyoslandi. Qiyoslar natijasida dostonlarning vazni, janri, kompozitsiyasiga xos xususiyatlar, qahramonlar tasviri va voqealar ifodasidagi o‘ziga xoslik masalasi tadqiq etilib, har ikki ijodkorning mavzuga yondashishdagi o‘xshash va farqli tomonlari aniqlangan. Layli va Majnun haqidagi afsonaning doston shaklida forsiy va turkiy adabiyotga kirib kelishi masalasi ko‘rib chiqilgan. Majnunning tarixiy shaxs yoki to‘qima obraz ekanligi haqidagi olimlarning fikrlari o‘rganilib tahlil qilindi.
Elbekning yangi hikoyalari tahlili
Maqolada milliy adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan Elbekning hikoyanavislik mahorati haqida mulohaza yuritilgan. Ijodkor ning “Maorif va o‘qitg‘uvchi”, “Yer yuzi” kabi jurnallarda nashr etilgan, joriy nashrlarda uchramaydigan “Qishloqqa sayohat”, “Kelgusining quy oshi”, “Kuzatishda”, “Yangi turmush izlovchi”, “Moshoqchi Erbo‘ta”, “Jadidchi Qoravoy” kabi hikoyalari tahlil etilgan. “Qishloqqa sayohat” hikoyasida xarobaga aylangan qishloq va buning sabablari, “Kelgusining quyoshi” hikoyasida tunda kitob o‘qiyotgan bola, “Kuzatishda” hikoyasida yangi jadidlar maktabida o‘qib, otasining e’tiroziga uchragan farzand, “Yangi turmush izlovchi” hikoyasida yangi, yengil hayotni sevuvchi Qahhorxo‘janing hayoti, “Moshoqchi Erbo‘ta” hikoyasida boylar qo‘lida ishi yurishmagan Erbo‘ta ning turmushi, “Jadidchi Qoravoy” hikoyasida esa bir savdogar boyning o‘g‘li Qoravoy haqidagi fikrlar tahlilga tortilib, ilmiy xulosalar chiqarilgan.
Ijodkor uslubi va badiiy mahorat
Maqolada badiiy ijod olami, iste’dod va mahorat, san’atkor uslubi borasidagi mulohazalar ilgari suriladi. Badiiy asar yozib bo‘lingach, kitobxon hukmiga havola etiladi. Matnni o‘qish, uqish jarayonida kitobxon qabul qiluvchi, o‘zlashtiruvchiga aylanadi. Badiiy matnni mutolaa qilish, ma’nolar mahzanini idrok aylash kitob muhibidan ma’lum tayyorgarlikni taqozo etadi. U aqlu zakovati, hissiyot olami bilan asar dunyosi asrorini kashf etib boradi. Kitobxon voqealar silsilasini kuzatadi, adabiy qahramon qiyofasi, portretini tasavvur qiladi, ruhiyat iqlimini his etib boradi.
Adabiy jarayonda ijodkor shaxsiyati va iste’dod tabiati, so‘z san’atining mohiyati bashariy qadriyat maqomida o‘rganiladi. Ijodkor shaxsiga, badiiy adabiyotga estetik tuyg‘u nuqtai nazaridan yondashish kuzatiladi. Badiiy, estetik tafakkur masalalarini go‘zallik, ezgulik singari qadriyatlar, shakl va mazmun birligi, adabiy janrlar xilma xilligi hamda uslubiy yo‘nalish, badiiy til, ifoda vositalari nuqtai nazaridan o‘zlashtirish, xulosalar chiqarish adabiy jarayonning tabiiy ehtiyojiga aylandi.
Xudoyberdi To’xtaboyev fenomeni
O‘zbek bolalar adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri Xudoyberdi To‘xtaboyev o‘z asarlarida bolalar xarakterini, bola ruhiy dunyosini g‘oyatda mukammal yoritgan yozuvchilardan hisoblanadi. Xudoyberdi To’xtaboyev o’zbek bolalar adabiyoti, xususan, prozasida yangi davrni boshlab berdi. U yaratgan qahramonlar xatti-harakati, gap-so’zlari, xarakteri bilan yosh kitobxonlarga nihoyatda manzur bo’ldi. Yozuvchi o’z tabiatidagi bolaga xos quvnoqlik va beg’uborlikni asarlariga ko’chira oldi. Ayni shu yumor bolalar qalbiga yaqin edi, bu yaqinlik uning yosh muxlislari tobora ortib borishiga sabab bo’ldi. Yozuvchi yaratgan qahramonlar betakror xususiyatlari bilan ko‘plab kitobxonlar qalbida yashab kelmoqda. Jumladan, uning Hoshimjon, Mirobiddinxo‘ja, Orifjon, Akrom qovunchi singari qahramonlari, ayniqsa, yosh kitobxonlarga allaqachon yod bo‘lib ketgan. Sababi, ushbu qahramonlar xarakterining esda qolar darajada yorqinligi, quvnoqligi, bolaga xos beg‘ubor va soddadilligi, kulgi, hazil mutoyibaga moyilligi xarakter tabiatini yanada yorqinlashtirgan. Maqolada yoritilgan masala faqatgina Xudoyberdi To’xtaboyevning biografiyasi hamda yozgan asarlarini sanash emas, balki uning romanlariga xos xususiyatlarni tahliil qilish hamdir.
Lirikada obraz tasnifi va talqini (Abdulla Oripov she’riyati misolida)
Badiiy asar asos negizini tashkil qiladigan obraz tushunchasi qadimdan va hozirga qadar san’atning eng muhim elementi sanaladi. Zotan, badiiy obraz bu san’at asarining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi asosiy vositadir. Shu bilan birga, dunyoning estetik qiyofasini, muayyan hissiy holatini ifodalovchi komponent hamdir. Shu bois obraz tushunchasi o‘z xarakter-xususiyatlari va mazmuniga ko‘ra juda murakkab va ayni paytda keng qamrovli tushuncha hisoblanadi. Ob’ektiv voqelikningu yoki bu tarzda inson ongidagi in’ikosi keng ma’noda obrazning asosiy ildizini tashkil etadi. Yondosh obrazlar esa mana shu ilk asosdan o‘sib chiqadi. Shu jihatdan obraz tabiati va tasnifiga ko‘ra: fan, adabiyot va san’atda alohida farqlanadi. Ushbu maqola lirikada obrazlar tasnifi va talqin muammosini shoir Abdulla Oripov she’riyatida misolida o’rganishni ko’zda tutadi.