145
A.QODIRIYNING “MEHROBDAN CHAYON” ASARI VOSITASIDA
O‘QUVCHILARDA MILLIY G‘URURNI TARBIYALASH
Madinaxon Muhitdin qizi Sultonova
Uchko‘prik tumani 1-son kasb-hunar
maktabi Ona tili va adabiyot fanidan o‘qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.10644186
Annotatsiya
. Ushbu maqolada 7-sinf darsligiga kiritilgan A.Qodiriyning "Mehrobdan
chayon" asari orqali o‘quvchilarda milliy g‘ururni tarbiyalash maqsadi yoritilgan.
Kalit so‘zlar:
roman, Mehrobdan chayon, Xudoyorxon, Anvar, milliy.
EDUCATION OF NATIONAL PRIDE IN STUDENTS THROUGH A. QADIRIY'S
WORK "MEHROBDAN CHAYAN"
Abstract.
In this article, the goal of raising national pride in students through A. Qadiri's
work "Mehrobdan Chayan" included in the 7th grade textbook is highlighted.
Key words:
novel, Scorpion from Mehrob, Khudoyor Khan, Anvar, national.
ВОСПИТАНИЕ НАЦИОНАЛЬНОЙ ГОРДОСТИ У СТУДЕНТОВ ЧЕРЕЗ РАБОТУ
А. КАДИРИ "МЕХРОБДАН ЧАЯН"
Аннотация.
В данной статье освещена цель воспитания национальной гордости
учащихся посредством произведения А. Кадири «Мехробдан Чайан», включенного в учебник
для 7 класса.
Ключевые слова:
роман, Скорпион из Мехроба, Худоёр Хан, Анвар, народный.
"Kadrlar tayyorlash milliy dasturi"da ta’kidlanganidek, galdagi muhim vazifalardan biri
ma’nan yetuk, axloqan barkamol, milliy g‘ururga ega shaxsni tarbiyalashdir. Bunda, albatta,
adabiyot fanining ahamiyati beqiyos.
Ma’lumki, dasturda romanni o‘rganish uchun 4 soat vaqt ajratil- gan. O‘qituvchi bu uch
soat davomida o‘quvchilarga o‘zbek millati- ning ma’naviy qadriyatlaridan faxrlanish,
g‘ururlanish hissini uyg‘otish uchun asar tahlilini quyidagicha qilishi mumkin:
"Romandagi har bir voqea tasviri xalq, millat dardi bilan chambar-chas bog‘liqki, u shu
jihati bilan qimmatlidir. Asarda o‘tmishdagi xalqimizga xos ma’naviy-axloqiy muammolar
qalamga olinadi. Asar qahramoni Anvar o‘z taqdirini millat taqdiri bilan uzviy bog‘liqlikda
ko‘radi, harom ishlardan, nopok kimsalardan hazar qiladi, non-tuz hurmatini yuksak qadrlaydi,
do‘stlikda sadoqatlilikka amal qiladi. Asarda Anvar va Ra’no o‘rtasidagi ishqiy kechinmalarning
XIX asr Qo‘qon xonligidagi ijtimoiy-siyosiy voqealarga bog‘liq tarzda berilishida ham o‘ziga xos
146
ma’no bor. Chunki Anvarning ijtimoiy yo‘nalishdagi dardlari ko‘ngil dardlaridan kam emas edi.
Bu o‘zbeklarga xos yuksak ma’naviyatlilik, odamiylik, odob-axloq namunasidir. Yozuvchi asarni
"Mehrobdan chayon" deb atab, unda ko'proq ziyolilar, madrasa ko‘rgan mullalarni qahramon qilib
tanlashidan maqsad, ayrim adabiyotshunoslar o‘ylaganidek, musulmon ruhoniylarining reaksion
rolini fosh etishdangina iborat emas, balki muqaddas dargoh sajdagohdan chiqqan, bu dargohga
nomunosib, munofiq, ma’rifatli bo‘la turib, ilmiga amal qilmaydigan, shaxsiy manfaat, mansab-
martaba yo‘lida hech narsadan toymaydigan, iste’dodli, halol odamlarni ko‘ra olmaydigan,
e'tiqodsiz, millat qayg‘usidan yiroq, o‘z g‘ururini nafs yo‘lida qurbon qiluvchi kishilarni fosh
qilishdir. Anvar qismatida, uning boshiga tushgan kulfat-ko‘rguliklarda qahramonning qalb
iztiroblari aks etadi. To‘g‘ri, "Mehrobdan chayon"dek yetuk asarning asosiy g‘oyasini bu
bilangina cheklab bo‘lmaydi. Chunki asarda o‘z millati taqdiri haqida qayg‘uradigan, o‘zbekona
qadriyatlarni ulug‘laydigan bir qator obrazlar ham mavjud.
Asardagi tarbiya milliy ma’rifiylikning yorqin namunasi sifatida mardlik, komillik, o‘ziga
xos mushtaraklikni yuzaga keltirgan oʻzbekona tantilik o'quvchini o‘ziga maftun etib,
xalqimizning ajoyib insoniy fazilatlaridan faxrlanish tuyg‘usini vujudga keltiradi. Anvar
obrazidagi do‘stga sadoqat, o‘zidan kattalarga bo‘lgan hurmat, xalqparvarlik kabi sifatlar, milliy
his-tuug‘u va milliy g‘urur tufaylidir".
Anvar o‘z qadr-qimmatini har narsadan ustun biladi, xonning qarshisida ham o‘zini dadil
tutadi. Shu o‘rinda o‘qituvchi o‘quvchilarga quyidagi jumlalarni sharhlab o‘qib beradi:
"Raqibni bu qadar jasoratda ko‘rgan Xudoyorning kiprik ostlari uchib, soqol tuklari
silkindi va biroz so‘z topolmagandek tamshanib turdi.
— Sen bizga xiyonat qilding‘, it uvli!
Anvar bosh irg'itdi.
— Iqrorman.
— Tuzumni unutding! Iqrorsan, tonmaysan, o‘bdon ish! - dedi zaharxanda qilib xon, -
o‘luvdan ham qaytmaysan!
— Tonmayman! Men sizdan marhamat so‘rab kelgan emasman! - dedi iljayib Anvar, -
o‘zimni o‘limga berib, bir gunohsizni qutqarish uchun kelganman! Hamnishinlar lablarini
tishladilar. Xudoyor istehzoli kuldi.
— Pusulmonchilik qig‘onsan-da!
— Albatta! - dedi Anvar, boshqalar kishi gunohi uchun gunohsizni tutib
musulmonchilikdan chiqqach, men pusulmonliq bilan o‘lishni o‘bdan bildim!
147
Bu javob Xudoyorni qip-qizil tusga qo‘yib, manglayida terlar ko‘rindi, g‘azab o‘ti alanga
oldi.
—Sening qig‘on ishing pusulmonchilikda bormi, it uvli?!
—Musulmonchilikda yuzlab xotin ustiga bir kambag‘al uylanmoqchi bo‘lgan qizga ham
zo‘rlik qilish bormi, qiblai olam?".
Anvardagi g‘urur, dadillik shu bilan intihosiga yetmaydi, u gunohsizni ozod qilishni dadil
turib talab qiladi:
—Gunohsizni mening ko‘z oldimda banddan ozod qilinmas ekan, Anvarni bu yerdan
chiqara olmaslar, qiblai olam, - dedi va o‘zini tashqariga torta boshlagan jallodlarni arslonlarcha
siltab yubordi. Sizda adolat bormi, janob!
Qo‘rqinch bu haygiriq Xudoyorni insofga keltirdi. Jallodlarni to‘xtashga va hudaychini
Sultonalini hozirlashga buyurdi...
Ko‘p fursat o‘tmay hudaychining orqasidan Sultonali kirdi, xonga qarshi turuvchini tanib,
titradi... Titrar ekan, Anvardan biroz keyinda turib xonga ta’zim qildi.
— Siz ozod bo‘lding‘iz! - dedi xon, - devong‘a chiqib o‘z ishing‘izg‘a qarang".
Shu o‘rinda o‘quvchilar e’tibori chin o‘zbek yigitlariga xos tantilik, jo‘mardlik sifatlarining
Anvar siymosida namoyon bo‘lishiga qaratlishi darkor. Bu misol ularda ma’naviy
qadriyatlarimizdan faxrlanish tuyg‘usi shakllanishiga turtki bo‘ladi.
Anvar o‘ziga xos dadillik va mardlik bilan o‘limga qarshi borar ekan, insoniylikning
yuksak namunasini namoyish qiladi. Dor ostiga ketayotib xalq orasida unga qarshi ish tutib, uni
nohaq dor ostiga kelishiga sababchi bo‘lgan Abdurahmon domlani ko‘rib qoladi va uning mal’un
basharasini ochib tashlaydi:
“—Kulishga haqqingiz bor, domla, chunki o‘ch olasiz! - dedi Anvar. Birdan hammaning
ko‘zi Abdurahmonga tushdi. Faqat siz ifloslik natijasida kulasiz, men... men to‘g‘rilik samarasini
ko‘raman: siz iflos vijdon bilan g‘olibsiz, men sof vijdon bilan mag‘lubman... Meni dor ostiga kim
keltirdi? Vijdon emasmi, taqsir! Sizni bu yerda kim tomoshabin qildi? Ifloslik emasmi, taqsir?"
(192-bet).
Abdulla Qodiriy asarlarining bunchalik sevib o‘qilishiga sabab, bizningcha, undagi ona-
vatanga, xalqiga bo‘o‘lgan cheksiz muhabbatdir. Adib tom ma’noda o‘z xalqining farzandi edi, u
vatani bilan hamnafas yashadi.
O‘quvchilar tahlilga chuqurroq kirishganlari sayin, Anvarning dor tagida o‘zini tutishi,
Abdurahmonning hayosiz yuzidagi niqobi haqiqat tig'i bilan yirtib tashlanishi kabi lavhalarni
o‘rganish jarayonida bosh qahramon siymosi tobora yiriklashib, uning qiyofasidagi olijanoblik
148
chiziqlarining oydinlashayotganligiga guvoh bo‘ladilar. Bu holat ularning ma’naviyatida o‘z izini
qoldiradi, albatta Adibga zamondosh bo‘lgan ayrim yozuvchilar ijodida janr xususiyatiga e’tibor
bermaslik, to‘qima imkoniyatlardan chuqur foydalanmaslik, qalb shukuhini tadqiq etmaslik,
yuzaki tafsilotlarga berilib ketish kabi qator kamchiliklar mavjud bo'lib, bular badiiy asarning
milliyligiga, xalqchilligiga ma’lum darajada putur yetkazgan. Buni ko'pchilik davr talabi deb
baholaydi. Ammo ana shu milliylikdan chekinmay, asar voqealaridagi tabiiylikka, qahramonlar
xarakteridagi o'ziga xos usullarga e'tibor qaratmoqqa A.Qodiriy jur’at etgan.
"Mehrobdan chayon" romanini o‘qigan har bir o‘quvchi unda Qodiriy fojeasini
ko‘o‘rganday bo‘ladi. Go‘yo muallif o‘z boshidan kechirgan mudhish hodisalarni XIX asrga
ko‘chirib, saroydagi munshiylar orasidagi mojarolarga o‘rab, o‘zgacha ko‘rinishda
gavdalantirayotganday tuyuladi. Maktabda adib asarlarini o‘qitish jarayonida o‘quvchilarning
faolligini oshiradigan asosiy jihat asarning yuqoridagi kabi tahlilidir, chunki qahramonlar taqdiri
o‘quvchilarni befarq qoldirmaydi. O‘qituvchi asar orqali o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga
o'rgatadi, ularda milliy g‘ururni kamol toptiradi, natijada dars samaradorligi ham oshadi. Shunday
ekan, A.Qodiriy asarlari orqali o‘quvchilarni milliy qadriyat va an’analarimiz ruhida tarbiyalash
adabiyot o‘qituvchilarining muhim vazifasidir.
REFERENCES
1.
Q.Yo‘ldoshev, B.Qosimov. Adabiyot. 7-sinf uchun darslik-majmua. T.: Yozuvchi, 2001.
(Bundan keyingi misollar shu manbadan olingan.)
2.
Adabiyot
. 7-
sinf. O‘
qituvchilar uchun metodik qo‘llanma. Toshkent. 2022
3.
Abdulla Qodiriy. “Mehrobdan chayon” romani. Toshkent. 2019