157
Issue 7(42), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 15.04.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
JALOLIDDIN MANGUBERDI – XALQ QAHRAMONI
Jahongir Usmanov Xujaqulovich
O‘zbekiston Respublikasi Termiz shahri Termiz davlat universiteti akademik litseyi
tarix fani o‘qituvchisi
Annotatsiya:
Ushbu maqolada Sulton jaloliddin Manguberdining hayoti,
mo’g’ullarga qarshi kurashi, harbiy yurushlari, qo‘shni mamlkatlar bilan harbiy
ittifoqi, zabt etgan shaharlari, umrning oxirlari hamda olimlarning asarlarida Sulton
Jaloliddin shaxsiyati haqida ma’lumotlar beriladi.
Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarga qarshi 11 yil davomida Xuroson, Hindiston,
Eron, Iroq va Kavkaz hududlarida tinimsiz kurash olib bordi, 17 marotaba
mo‘g‘ullarga qarshi jang qilib, ularning 14 tasida g‘olib bo‘ldi. Bu orada u nafaqat
mo‘g‘ullar, balki uning ortib borayotgan kuch-qudratiga hasad bilan qaragan Bag‘dod
xalifasi va Ko‘niya sultoni Alovuddin Kaykubod kabi shaxslarga qarshi kurashishiga
ham to‘g‘ri keldi. Shuningdek, vazirlari, sarkardalarining xiyonati va ukasi
G‘iyosiddin Pirshohning isyonlari ham sultonning ozodlik uchun kurashiga ma’lum
moneliklar ko‘rsatdi. Urganchdagi qaltis vaziyat tufayli shaharni tashlab chiqqan
Jaloliddin 300 kishi bilan 16 kun ichida Xorazmdan Xuroson yerlaridagi Niso
qo‘rg‘oni (hozirgi Turkmanistonda) atrofiga yetib keldi. Chingizxon Muhammad
Xorazmshoh o‘g‘illarining Xorazmga qaytganlaridan xabar topgach, ularning
Xurosonga chekinishi mumkinligi nuqtayi nazaridan Xurosonning har yeriga
pistirmalar qo‘ydi. Jaloliddin Niso yaqinida o‘zining 300 nafar askari bilan
mo‘g‘ullarning 700 kishilik pistirmadagi guruhini tor-mor etdi. Ushbu g‘alaba
mo‘g‘ullarning afsonaviy qudrati, yengilmasligi haqidagi mish-mishlarga chek
qo‘ydi. Jaloliddinning obro‘si ko‘tarilib, xalqda g‘alabaga ishonch mustahkamlandi.
Bu voqealar 1221-yilning boshida sodir bo‘lgan edi.
U bug‘doyrang, o‘rta bo‘yli, turkiy qiyofali va turkiyda gapiradigan odam edi,
shu bilan birga, forsiyda ham so‘zlasha olardi. Uning mardligi, jasurligiga kelsak,
yuqorida hikoya qilganim janglardagi faoliyatini eslab o‘tishning o‘zi kifoya qiladi. U
sherlar orasida eng zo‘r sher edi, qo‘rqmas chavandoz, lashkarlar orasida eng botiri
edi. U yuvosh, muloyim odam edi, jahldor emasdi, haqoratomuz so‘zlarni aytmasdi.
U nihoyatda jiddiy edi, kulmasdi, faqat jilmayib qo‘yardi, kam gapirardi. U
haqgo‘ylikni, adolatni ulug‘lardi, ammo yashagan davridagi g‘alayonlar, alg‘ov-
dalg‘ovlar fe’l-atvorini o‘zgartirdi. U qo‘l ostidagi odamlarning og‘ir hayotini
158
Issue 7(42), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 15.04.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
yengillashtirishni xohlardi, ammo u yashagan davr qonunlari uni zulm qilishga
majbur etardi… Bachkana ta’riflarni yoqtirmagan, faqat “sulton” deya murojaat
qilishlarini so‘ragan.
(Shihobiddin Nasaviyning “Siyrat as-sulton Jaloliddin Mangburni” asaridan)
Movarounnahrning asosiy shaharlari egallangach, mo‘g‘ullarning bosqinchilik
yurishi Amudaryo janubidagi yirik savdo va madaniyat markazlari: Balx, Hirot, Marv
va G‘azna kabi shaharlarga yo‘naltirildi. Ammo bu viloyatlarda ular Jaloliddin
Manguberdining qattiq qarshiligiga uchradi. Jaloliddin Valiyon qal’asini qamal
qilayotgan mo‘g‘ul qo‘shinlariga hujum qilib, ularni tor-mor etdi. Bu uning dushman
ustidan qozongan dastlabki yirik g‘alabasi edi.
Chingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi Shiki Xutuxu no‘yonni 45 minglik
qo‘shin bilan jo‘natdi. G‘azna yaqinidagi Parvon dashtidagi jangda Jaloliddin g‘alaba
qozondi. Biroq g‘alabadan keyin qo‘lga kiritilgan o‘ljalarni taqsimlashda
lashkarboshilari
o‘rtasida
o‘zaro
kelishmovchilik
boshlandi.
Oqibatda
lashkarboshilardan Sayfiddin Ig‘roq, A’zam Malik va Muzaffar Maliklar qo‘shindan
ajrab ketdilar. Jaloliddinning ularni qaytarish yo‘lidagi urinishlari naf bermadi. Bu
voqeadan so‘ng sultonning harbiy salohiyati zaiflashib qoldi. Fursatdan foydalangan
Chingizxon G‘aznaga askar tortdi va ajralib chiqqanlarni alohida-alohida tor-mor
etdi. Jaloliddin tengsiz janglar olib borib, Sind (Hind) daryosi qirg‘oqlariga
yaqinlashib bordi. Daryo bo‘yida 1221-yilning noyabrida ikki o‘rtada qattiq jang
bo‘ldi. Jaloliddin Chingizxon qo‘shinining ilg‘orini yengdi. Mo‘g‘ullarning
pistirmalarga qo‘yilgan 10 ming nafar saralangan askari jangni yakunladi.
Sind jangi taktikasi Jaloliddin Manguberdi Chingizxon qo‘shinidan 3 barobar
kam bo‘lgan o‘z qo‘shinini yarim oy shaklida safga tizadi. Qo‘shinning o‘ng qanotini
sulton tog‘ etagiga joylashtirgani holda, chap qanotni Sind sohiliga joylashtiradi.
Natijada mo‘g‘ullar xorazmliklarni qurshovga olishining oldi olinadi. Mo‘g‘ullarning
yolg‘ondan chekinish orqali dushmanni olg‘a undab, ularni qanotlardan qurshab
olishga urinishini oldindan bilgan Jaloliddin chekingan mo‘g‘ul qo‘shinini atayin
ta’qib etmaydi. Ikki muvaffaqiyatsiz hujumdan so‘ng Chingizxon asosiy kuchlarni
Sulton Jaloliddin qo‘shini qanotlariga tashlaydi. Natijada Jaloliddinning ochiq jangga
kirishdan boshqa iloji qolmadi.
Jaloliddin taslim bo‘lishni xohlamay, otda Sind daryosiga sakrab, narigi
qirg‘oqqa suzib o‘tdi. U bilan birga uning to‘rt ming kishilik askari ham daryodan
o‘tib oldi. Hozirgi paytda ham bu daryoning bir tomoni “Ot sakrash”, narigi tomoni
“Cho‘li Jaloliy” deb ataladi. Jaloliddinning jasoratiga qoyil qolgan Chingizxon o‘z
o‘g‘illariga qarata: “Otaning faqat shunday o‘g‘li bo‘lishi lozim. U olovli jang
159
Issue 7(42), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 15.04.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
maydonidan o‘zini qutqarib, halokatli girdobdan najot qirg‘og‘iga chiqdimi, undan
hali ulug‘ ishlar, tashvishlar va qiyomatli isyonlar keladi!” deydi va uning orqasidan
ta’qib etishni taqiqlaydi. Sind daryosi bo‘yidagi jangdan so‘ng Chingizxon uch oy
davomida Jaloliddin qo‘shinidan ajrab ketgan sarkardalar qal’alarini qo‘lga olib,
ularni yo‘q qilish bilan band bo‘ladi.
1221-yil bahor-yoz oylarida Jaloliddin mo‘g‘ullarga qarshi ayovsiz kurashga bel
bog‘lab, ularga bir necha marta qaqshatqich zarba berganidan keyin G‘azna yaqinida,
Kobul daryosi bo‘yidagi Parvon dashtida Chingizxonning mohir sarkardalaridan biri
– Shiki Xutuxu no‘yon boshchiligidagi 45 minglik mo‘g‘ul qo‘shinlari ustidan
g‘alabaga erishdi. Jang natijasida qo‘lga kiritilgan katta miqdordagi o‘lja
taqsimlanishi jarayonida Jaloliddin lashkarboshilari – qang‘li qipchoqlardan (Turkon
Xotun ham shu urug‘dan) Amin Malik turkmanlar yo‘lboshchisi Sayfiddin Ig‘roq
bilan bir qimmatbaho arabi ot ustida talashib qolishdi (o‘ljalar orasida eng noyob
ulush ot hisoblangan. Otlar zotiga va chiroyiga qarab bir necha ming tilloga
baholangan). Tortishish paytida qizishib ketgan Amin Malik Sayfiddin Ig‘roqning
boshiga qamchi bilan urdi. Jaloliddin esa Amin Malikni bu ishi uchun jazolamadi
(Amin Malik Jaloliddinning qaynotasi edi, uning jazolanmaganiga shu ham sabab
bo‘lgandir, ehtimol). Bu nomusga chiday olmagan va qattiq ranjigan Sayfiddin Ig‘roq
o‘z yaqinlari bo‘lgan lashkarboshilar – A’zam Malik va Muzaffar Maliklarni olib,
Jaloliddin qo‘shinini tark etdi. Buning natijasida Xorazmshoh qo‘shini yarmiga
qisqardi. Xufiyalari orqali Jaloliddinning ichki muammolaridan boxabar bo‘lgan
Chingizxon sulton qo‘shinlarini qayta birlashishi yoki ularning qochishiga yo‘l
qo‘ymaslik uchun bir haftalik yo‘lni ikki kunda bosib o‘tadigan darajada tezlik bilan
ta’qib qila boshladi. Vaziyatni to‘g‘ri baholagan Jaloliddin esa zudlik bilan
Hindistonga o‘tib ketish va u yerdan o‘zini tiklagan holda Chingizxonga qarshi
hujumni tashkil etish uchun Sind (Hind) daryosi tomon oshiqdi.
1221-yilning kech kuzida Jaloliddin Sind daryosiga yaqin kelganida Chingizxon
unga yetib oldi va o‘rtada, ta’bir joiz bo‘lsa, XIII asrning eng mashhur jangi ro‘y
berdi. Jangda xorazmshohlar qo‘shinining markaziga rahbarlik qilgan Jaloliddin
qo‘shini o‘zidan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan mo‘g‘ullar qismini yanchib tashladi.
Lekin Chingizxonning pistirmada turgan 10 ming zaxira qo‘shini jangga kirishi bilan
tashabbus mo‘g‘ullar tomoniga o‘tdi (Chingizxonning zaxira qo‘shini “keshik” deb
nomlanib, ular tajribali qo‘mondonlardan tuzilgan. Chingizxon juda zarur
hollardagina ularni jangga tashlagan). Qurshab olingan Jaloliddin yarim kun
mobaynida mo‘g‘ullar bilan olishdi. Uning 2 ta oti ishdan chiqqach, rikobdorlar
(hukmdor otini yetaklab yuruvchi, hukmdor uzangisi sohibi) zaxiradagi otni
160
Issue 7(42), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 15.04.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
keltirishdi. Ushbu otga o‘tirgan Jaloliddin o‘rab oluvchilarning nisbatan zaif
ko‘ringan daryo tomoniga ot solib, u yerni yorib chiqdi, ahli haramini ham
Chingizxon qo‘liga tushmasligi uchun daryoga yo‘naltirdi. O‘zi esa sadoqatli oti
bilan birgalikda 18–20 metrli jarlikdan daryoga sakradi. Chingizxon esa uning
jasoratidan lol bo‘lib, Jaloliddinning ortidan kamondan o‘q uzmoqchi bo‘lganlarni
to‘xtatadi. Shu vaqtga qadar Chingizxon bunday raqibga duch kelmagan edi.
Xullas, o‘ljalar orasidagi bir qimmatbaho ot sarkardalar o‘rtasida ziddiyat
chiqarib, umumdavlat, umumxalq taqdiri hal bo‘ladigan pallada Jaloliddinning
imkoniyatlarini kamaytirib, kuchini zaiflashtirdi. Kuchlarning teng emasligi
Jaloliddinning Chingizxon qurshovida ma’lum muddat qolishiga sabab bo‘ldi.
Ikkinchi ot esa uni dushman qo‘lidan qutqarib, daryoning narigi sohiliga olib o‘tdi.
Manbalarning guvohlik berishicha, shu vaqtdan boshlab Jaloliddin mazkur otni
e’zozlab, minmasdan yana 5 yil, ya’ni 1226-yili o‘z ajali bilan o‘lguniga qadar o‘zi
bilan olib yurdi (hozirgi Gruziya poytaxti Tbilisining egallanishi jarayonida ot o‘lgan
edi). Shuning uchun ham qadimgi va o‘rta asr buyuk sarkardalarining yarim
bahodirligini ularning otlari bilan bog‘lash joizdir.
Jaloliddin davrida bir qancha fitnalar, g‘am-qayg‘u, mashaqqat-u anduhlarga,
vazirlarning tarqalib ketishiga va mehnatkash ommaning atroflarda boshpana izlab
yurishiga barham berildi. Ular birlashtirildi va mustahkamlandi.
(Shihobiddin Nasaviyning “Siyrat as-sulton Jaloliddin Mangburni” asaridan)
1226-yilda Ozarbayjon, Shirvon va Gurjiston Xorazmshoh qo‘liga o‘tdi. 1227-
yil sentyabrda Isfahon yaqinida Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarning Taynol no‘yon
boshliq qo‘shinini yengdi. Taynol no‘yon Jaloliddin Manguberdining jangdagi
mardligiga qoyil qolib: “Zamonasining haqiqiy bahodiri, o‘z tengqurlarining sarvari
ekan”, degan edi.
Jaloliddin Manguberdining Ko‘niya, Jazira, Damashq va Misr hukmdorlariga
nomalar yozib, ularni mo‘g‘ullarga qarshi kurashish yo‘lida birlashtirish xatti-
harakatlari behuda ketdi. Sultonning o‘sib borayotgan mavqeyi Bag‘dod xalifasini,
Misr, Damashq va Jazira hukmdorini tashvishga sola boshladi. Ichki fitnalar va
xiyonatlar boshlandi. Ustiga-ustak Ko‘niya sultoni Alouddin Qayqubod muxolif
kuchlarni Jaloliddin Manguberdiga qarshi birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Jaloliddinning ukasi G‘iyosiddin Pirshoh birinchi bo‘lib xiyonat yo‘liga o‘tdi. U o‘z
lashkarlari bilan akasi qarorgohini tark etdi. G‘iyosiddin akasiga hasadi qo‘zg‘ab,
o‘zi mustaqil davlat barpo etish va Jaloliddin kabi shuhrat qozonishni istadi. U
Kirmon hokimi tomonidan qo‘lga olinib, qatl etildi. Mo‘g‘ullar ushbu voqeadan
so‘ng Jaloliddin davlati ular o‘ylagandek kuchli emasligini anglab, u bilan sulh tuzish
161
Issue 7(42), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 15.04.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
fikridan qaytishdi. Ozarbayjon va Gurjiston sari talonchilik yurishlarini boshlab
yuborishdi. Jaloliddinning bosh vaziri Sharofulmulk sultonga fitna uyushtira
boshladi. Uning Jazira va Ko‘niya hukmdorlariga Jaloliddindan hokimiyatni tortib
olishda madad so‘rab yozgan maktubi Jaloliddinning qo‘liga tushgach, u hibsga
olinib, qatl etildi. 1230-yil avgustda Ko‘niya, Jazira, Damashq va Misrning
birlashgan qo‘shini Jaloliddin Manguberdi kuchlarini Arzinjon yaqinidagi jangda
mag‘lubiyatga uchratdi. Jaloliddin Manguberdining kuchsizlanganidan foydalangan
mo‘g‘ullar katta qo‘shin bilan 1231-yilda Ozarbayjonga bostirib kirib, Jaloliddin
Manguberdini ta’qib etadi. Mo‘g‘ullar uning qarorgohiga uyushtirgan tungi hujum
natijasida oz sonli qo‘shinini tormor keltirdi, Jaloliddin Manguberdining o‘zi esa
ta’qibdan qutulib, Kurdiston tog‘lariga chiqib ketdi. Bu yerda qaroqchi kurdlar
qo‘liga asir tushib, fojiali halok bo‘ldi. Atigi o‘ttiz uch yil umr ko‘rgan, ammo nomi
ellarda mashhur bo‘lgan, Chingizxonni lol qoldirgan, o‘z yurtini beadad sevgan
so‘nggi xorazmshoh Sulton Jaloliddin Manguberdi yorug‘ dunyodan shu tariqa ko‘z
yumdi. Uning nomi asrlar davomida avlodlar uchun jasorat va mardlik,
vatanparvarlik ramzi bo‘lib keldi. Sulton Jaloliddinning hayotlik davrida mo‘g‘ullar
O‘rta Sharqni bosib ololmadilar. Bu voqea ancha keyin – 1256-yili ro‘y berdi.
Jaloliddin Manguberdi o‘n bir yil davomida mo‘g‘ullarni nafaqat O‘rta Sharqqa, balki
Sharqiy Yevropaga ham qo‘ymadi.
Jaloliddin Manguberdi 1231-yil bahorida Ganjaga kelib, barcha gina-
kuduratlarini unutib, yana mo‘g‘ullarga qarshi ittifoq tuzish uchun musulmon
hukmdorlarga murojaat etdi. Jaloliddin Ganjada turib birlashish haqida qo‘shni
o‘lkalar hokimlariga yuborilgan maktublarga javob kutdi. Ammo unga hech qayerdan
javob xati kelmadi. Jaloliddin Kichik Osiyo tomon yo‘l olish va u yerda kuch
to‘plash niyatida edi. 1231-yilning avgusti boshida Amid (Diyorbakr) yo‘li yaqinida
unga to‘satdan mo‘g‘ullar hujum qilib qoldi. Uni 15 chog‘li mo‘g‘ul navkarlari ta’qib
etdi. Jaloliddin o‘z sheriklaridan ajrab, Mayaforiqin (hozirgi Turkiyaning Silvan
viloyati) yaqinidagi Ayndor qishlog‘iga keldi. Ushbu tog‘ qishlog‘ida u kurdlar
qo‘liga tushdi. O‘zini sulton deb tanishtirganidan so‘ng kurdlar uni o‘ldirishga jazm
etmadi. Jaloliddinni tegishli joyga yetkazib qo‘yish evaziga kurdlarga mukofot va’da
qilindi. Lekin kurdlar rahbari xonadonidan joy olgan, horib-tolgan Jaloliddinni o‘lgan
kurd inisi xuni evaziga o‘ldirdi. Bu voqea taxminan 1231-yilning avgust oyida ro‘y
berdi. Jaloliddin Manguberdi Mayaforiqinda dafn etildi, mo‘g‘ullar kirib kelgudek
bo‘lsa, xorlamasin degan maqsadda qabri yer bilan tekislab yuborildi. Jaloliddinning
ashaddiy dushmani Damashq hokimi Malik Ashrafga sulton halokati xususida xabar
yetkazib, suyunchi so‘raganlarida, u qayg‘uga botib: “Sizlar uning o‘limi bilan meni
162
Issue 7(42), Volume 1 | ISSN 3030-377X | 15.04.2025
SCIENCE SHINE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
qutlamoqchimisizlar? Endi siz voqeaning achchig‘ini tatib ko‘rasiz. Alloh nomi bilan
qasam ichamanki, uning halokati islom olamiga mo‘g‘ullarning bostirib kirishini
anglatadi. Endilikda biz bilan mo‘g‘ullar o‘rtasida devor bo‘lib turgan
Xorazmshohdek odam yo‘qdir”, deb javob bergan edi. Ibn Vosil esa uni “mo‘g‘ullar
va musulmonlar orasidagi istehkom” deb ta’riflagandi. Jaloliddinning o‘limidan
so‘ng uning shonli nomi tez orada xalqlar tilida doston bo‘lib ketdi. “Jaloliddin tirik”,
“Jaloliddin qaytib kelyapti” degan ovozalar uzoq vaqtgacha mo‘g‘ullarni tahlikaga
solib kelgan. Jaloliddin Manguberdining o‘limini o‘sha davr muarrixlari tili bilan
“Yo‘lbars (Chingizxon nazarda tutilgan) changalidan omon chiqqan arslon chiyabo‘ri
qo‘lida jon berdi”, deya ta’riflash mumkin. Uning o‘limini ko‘pchilik mutaxassislar
Arab xalifaligi tugatilishini tezlatgan omil sifatida baholashadi. Ya’ni mo‘g‘ullar va
xalifalik o‘rtasida o‘ziga xos muhtasham devor 1231-yili quladi, oradan 27 yil o‘tib,
1258-yili xalifalik poytaxti Bag‘dod mo‘g‘ullar tomonidan egallandi, xalifalik esa
tugatildi.
2022-yil 29-avgust kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida Jaloliddin
Manguberdi yodgorlik majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Akbar Zamonov, Nargiza Ismatova, Bobir Aminov va boshqalar “O‘zbekiston
tarixi” 36-50 betlar Respublika ta’lim markazi, Toshkent - 2023 yil
2.A.Muhammadjonov “O‘zbekiston tarixi” (IV asr asrdan – XV asr
boshlarigacha) 71-80-betlar Sharq nashriyot-matbaa AK bosh tahririyati Toshkent –
2017 yil
3.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy ensiklopediyasi kerakli tomlari
“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyot
I” Toshkent 2001-2… yil
