152
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 5
QADIMGI ARABISTONDA ISLOMGACHA BO‘LGAN DINIY E’TIQODLAR
Elova Shaxrinoz
IV kurs talaba.
Oybek Iskandarovich Rajabov
BuxDU Arxeologiya va Buxoro tarixi kafedrasi katta o’qituvchisi.
https://doi.org/10.5281/zenodo.15364571
Annotatsiya. Mazkur maqolada Qadimgi Arabiston yarim oroli hududida yashagan
xalqlarning ilk diniy e‘tiqodiy qarashlari haqida ma‘lumotlar ilmiy manbalar asosida atroflicha
tadqiq etilgan. Arablarning ilk diniy e‘tiqodlari jumlasiga totemizm, fetishizm, animizm va
o‘tmish ajdodlarga (salaflarga) sig‘inishni ta‘kidlash mumkin.
Kalit so’zlar: Qadimgi Arabiston, diniy e‘tiqod, totemizm, fetishizm, animizm, asad, kalb,
bakr, sa’lab, zib, meteorit va vulqoniy toshlar.
ДОИСЛАМ НА ДРЕВНЕМ АРАВИЙСКОМ ПОЛУОСТРОВЕ
РЕЛИГИОЗНЫЕ ВЕРОВАНИЯ
Аннотация. В статье представлено комплексное исследование ранних
религиозных верований народов, населявших древний Аравийский полуостров, на основе
научных источников. Среди ранних религиозных верований арабов были тотемизм,
фетишизм, анимизм и поклонение предкам (салаф).
Ключевые слова: Древняя Аравия, религиозные верования, тотемизм, фетишизм,
анимизм, асад, калб, бакр, салаб, зиб, метеориты и вулканические породы.
RELIGIOUS BELIEFS IN ANCIENT ARABIA BEFORE ISLAMIC TIMES
Abstract. This article provides a comprehensive study of the early religious beliefs of the
peoples who inhabited the ancient Arabian Peninsula based on scientific sources. The earliest
religious beliefs of the Arabs include totemism, fetishism, animism, and the worship of ancestors
(salaf).
Keywords: Ancient Arabia, religious beliefs, totemism, fetishism, animism, asad, kalb,
bakr, sa’lab, zib, meteorites, and volcanic rocks.
Kirish.
Arabiston yarim oroli aholisi ham, albatta, qadimda boshqa xalqlar singari ko‘p
xudolilik diniga e’tiqod qilib kelishgan. Xalqlarning eng qadimgi dinlari jumlasiga totemizm,
fetishizm, animizm va o‘tmish ajdodlarga (salaflarga) sig‘inishni ta‘kidlab o‘tish lozim.
Totemizmning yaqqol dalili sifatida ko‘p arab qabilalarining nomini keltirish kifoya: asad
(arslon), kalb (it), bakr (bo‘taloq), sa’lab (tulki), zib (bo‘ri) va hokazo. Fetishizm qadimgi
arablarda asosan meteorit va vulqoniy toshlarni muqaddaslashtirish, ularga sig‘inishda o‘z
ifodasini topdi. Ma’lumki, animizm tabiatdagi jamiki mavjudotlarni "ruhlantiradi", ya’ni ularda
"ruh" yoki "jon" bor deb hisoblaydi. "Johiliya" adabiyotida marhumlarning "joni" yoki "arvohi"
(ruhning ko‘pligi) haqida ko‘plab rivoyatlar mavjud.
Asosiy qism.
Yarim orolidagi qabila ittifoqlari har xil e‘tiqodiy (xudolar) timsollri -
sanamlarga sig‘inganlar. Ossuriylarning shimoliy arab (“Aribi”) qabilalariga hujum qilganda,
ularning sanamlarini ham asirga olganlagi haqidagi ma’lumotga qaraganda miloddan avvalgi
VIII asrdayoq har bir arab qabilasining o‘z sanami bo‘lgan[1, 174].
Badaviy arab qabilalari e‘tiqod qiluvchi sanamlarini joylashtirish uchun maxsus
ibodatxonalar qurdirganlar. Ikki qabila urushidan so‘ng odatda mag‘lub qabila g‘olib qabila
sanamiga sig‘ina boshlagan. Ba’zida g‘olib qabila mag‘lub qabilaning sanamini ham o‘z sanami
yoki sanamlari safiga qabul qilishi mumkin edi.
153
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 5
Arabistonning turli yerlarida muayyan sanamlarning qarorgohi mavjud bo‘lib, ular
ziyoratgohlar sifatida ma’lum edi.
Makka Arabistonning diniy markaziga aylangach, u yerdagi Ka’ba sanamlarning
panteoniga (to‘plangan joyiga) aylanib qoldi. Islom arafasida arablar orasida butparastlik
shunchalik avjida ediki, hatto har bir xonadonning o‘z sanami mavjud edi. Safarga otlangan kishi
bunday sanamni qo‘li bilan siypalab, so‘ng yo‘lga tushardi, safardan qaytgach esa, birinchi
navbatda, u yana sanamini silab-siypalardi.
Arab olimi Ibn al-Asirning uqtirishicha, 630 yili Muhammad Makkani zabt etganida,
Ka’ba ichida 360 ta sanamni ko‘rgan va ularni sindirib tashlashni buyurgan[2, 92]. Sanamlarning
soni uchun bu raqam juda katta ko‘rinadi, ammo muayyan sanam bir necha qabilada ma’bud
hisoblangan bo‘lsa, u Ka’baga shuncha nusxada qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.
Ibn al-Kalbiyning arab ko‘p xudolilik tarixiga bag‘ishlangan "Kitob al-Asnom" degan
maxsus kitobi biz tahlil qilayotgan mavzu uchun eng muhim manbalardan hisoblanadi. Mazkur
manbada tilga olingan dastlabki 5 ta sanamning nomi (Vadd, Suvo’, Yog‘us, Yo’uq, Nasr)
Qur’onda ham zikr qilingan. Ularning tasviri ko‘pchilikka ma’lum edi: Vadd - erkak kishi, Suvo’
- ayol kishi, Yog‘us - sher, Yo’uq - ot va Nasr - burgut qiyofasida ifodalangandi.
Qur’onda zikr qilingan eng qadimgi sanamlar jumlasiga Manot, Lot va Uzza ham kiradi.
Johiliya arablarining tasavvurida bu uchchala sanam ham ayol xudolar hisoblangan. Ibn
al-Kalbiyning aytishicha, Manot hamma arablar uchun muhtaram sanam hisoblangan.
“Hamma arablar” deb Ibn al-Kalbiy Hijoz arablarini ko‘zda tutayotgan bo‘lsa kerak.
Gerodotning ma’lumot berishicha, Lot shimoliy arablarning bosh xudolaridan biri
bo‘lgan. Tadmur malikasi Zeboning o‘g‘li Vahb al-Lot (Lot in’omi) deb atalgani shunga ishora.
Nabotiylar Lotni o‘zlarining poytaxti Petrani “ona xudosi” sifatida bilganlar[3, 39-41].
Musulmonlar Toif shahrini fath qilganlarida Muhammadning amri bilan Lot
ibodatxonasini buzib tashlaganlari - bu xudoga Hijozda ham e’tiqod qilinganining yorqin
dalilidir. Uzzani Ibn al-Kalbiy eng keyin paydo bo‘lgan ayol xudo deb beradi. Agar Manotni
Yasribdagi ikki arab qabilasi Avs va Xazraj, Lotni esa Toifdagi saqif qabilasi o‘zlarining
xususiy xudolari deb bilgan bo‘lsalar, Makkada quraysh qabilasi Uzzani shunday o‘rinda
ko‘rardi va unga qurbonliklar keltirardi. Gʻatafon qabilasi Buss degan joyda Uzza sharafiga
ibodatgoh qurgandi. Ibodatgoh sahnidagi uch xurmo daraxti ham muqaddas hisoblangan, nazr-
niyozni shu daraxtlar ostiga qo‘yilgan.
Qurayshlarning Ka’ba ichkarisiga va atrofiga qo‘yilgan sanamlari orasida eng buyugi va
mashhuri Hubal edi. U serdolik (qizil yarim qimmatbaho tosh)dan o‘ng qo‘lsiz inson shaklida
yasalgan bo‘lib, qurayshiylar unga oltin qo‘l ulagandilar. Bu sanam oldida 7 kamon o‘qi turar,
odamlar turli muammo bo‘yicha shu o‘qlarda fol ochardilar. Demak, Hubalga xizmat qilgan
kohin shaxsiy masalalarda fatvo berish huquqiga ega bo‘lgan. Uxud jangi paytida (625 yil)
makkaliklarning rahnomasi Abu Sufyon: «Hubalni yuqori ko‘taringlar»[4, 166]., - deb xitob
qilgani boshqa sanamlar ichida Hubalning martabasi baland bo‘lganini ko‘rsatib turibdi.
Ibn al-Kalbiyning «Kitob al-Asnom»iga kirmagan sanamlar ham bor. Ular 40 tadan
ortiqdir. Masalan, Kinda va Hadramavtda ma’lum bo‘lgan Jalsad sanami, Bakr qabilasiga
tegishli Muharriq sanami, Tamim qabilasining Taym sanami va hokazo.
Yaman sanamlarining ham adadi ko‘p - yuzdan ortiqdir; ammo sinchiklab qaralganda
yozuvlarda ko‘pincha xudolarning atoqli otlari emas, balki sifatlari (taqvodorlik yuzasidan
xudolarning otidan ko‘ra sifatlari bilan atash - somiy xalqlarining qadimiy odatidir) zikr qilingan
ko‘rinadi.
154
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 5
Qadimgi Yaman aholisining diniy tushunchasi shimoliy va markaziy Arabiston
aholisinikiga nisbatan ertaroq rivojlangan bo‘lishi kerak, chunki miloddan oldinroq Yaman ko‘p
xudoligi asosan uch samoviy jism - Oy, Tong yulduzi (Zuhara) va Quyoshga sig‘inishda o‘z
ifodasini topgandi.
Mutaxasissislarning fikricha, qadimgi yamanliklar bu uch samoviy jismni Ota, O‘g‘il va
Ona sifatida tasavvur qilganlar. Gap shundaki, hamma qadimgi yaman lahjalarida Oy - muzakkar
ism (Main va Avsonda - Vadd, Saboda - Almaqah, Qatabonda - amm, ya’ni amaki, Hadramavtda
- Sin), Zuhara yulduzi ham muzakkar (Astar), Quyosh esa - muannas ism (Mainda - «Nakrah»,
Saboda - «Zot Hamim», Qatabonda - «Zot Saxr») hisoblangan[4, 166-168].
Quyosh xudosi janubiy Arabistonda baraka va mo‘l hosil keltiruvchi «Astarning onasi»
(Umm Astar) sifatida ma’lum edi. Sirvoh shahridan topilgan sabo yozuvida aytilishicha, Umm
Astar ibodatgohiga bir yo‘la to‘rt farzand ko‘rgan bir ayol to‘rtta oltindan yasalgan timsol
(haykalcha) in’om qilgan. Mainliklarda Nakrah va saboliklarda «Zot Hamim» deb atalgan
Quyosh xudosi «nafrat» va «urush» maqsadlariga ham xizmat qilgan.
Miloddan avvalgi I asrda Janubiy Arabistonda Hamdon qayllarining nufuzi kuchayib,
ular o‘z xudolari «Tolib Riyom»ni boshqa xudolardan ustun qo‘ya boshladilar. Deyarli uch asr
yozuvlarda zikr qilinmay qo‘yilgan «Almaqah» faqat IV asrga kelib, yana paydo bo‘ldi. V asr
o‘rtalaridan boshlab Yaman yozuvlarida «Zu Samo», ya’ni «Osmon egasi» va «Rahmon» nomli
xudolar paydo bo‘ldi[5, 11].
Rahmon zikr qilingan yozuvlardan anglanishicha, doimo uning qudrati va quvvatidan
madad so‘ralgan. Masalan, bir maqbara atrofiga tosh devor kurilishi munosabati bilan
quruvchilar «bi xeyli Rahmon», ya’ni «Rahmon qudrati bilan» degan yozuv qoldirganlar.
Boshqa bir yozuvda «Rahmon — Samo egasi» deyilgan. Bu osmon xudosi demaqdir.
Boshqachasiga aytganda «Rahmon» «Zu Samo» o‘rnini olgan bo‘ladi. Keyinroq Rahmon
«Osmon va Yer egasi (Zu Samo va Ard) degan nomni oldi. Bu aqidaga e’tiqod qiluvchilarning
tushunchasida Rahmon - butun borliqni boshqaruvchi yagona xudo edi.
Musnad yozuvlarining tadqiqotchisi A.G.Lundin bu aqidani janubiy Arabistonning
noaniq monoteistik dini nomi bilan atab, uni III asrdan to VI asr o‘rtalarigacha hukm surganini
ko‘rsatib berdi. V.V.Bartold fikriga qo‘shilib, u aynan shu din xristian, yahudiy dinlari va
Muhammad targ‘ibotining o‘rtasida vositachi rolini o‘ynadi va islomning asosiy ideologik
manbalaridan birini aynan shu aqidadan qidirmok kerak, deb taxmin qiladi.
Islomdan oldin Arabistonning ko‘p joylarida yahud jamoalari mavjud bo‘lgani haqida
ma’lumotlar ko‘p. Yahudiylar bilan birga Arabistonga yahudiy dini ham kirib keldi. Qadimgi
Falastin, Shom va Mesopotamiyada istiqomat qilgan yahudiy mualliflari esa o‘z maslakdoshlari -
Arabiston yahudiylarini hartuqiylar (ya’ni yeretiklar) deb hisoblab, ularga deyarli e’tibor
bermaganlar. Shunday ekan, Arabiston yahudlari haqida faqat Qur’on, Hadis, Tafsir, «Sira» va
axboriylar kitoblari bilan cheklaniladi. Bu manbalar esa o‘z navbatida islom arafasi, juda nari
borganda, islomdan oldingi 1-1,5 asr uchungina ma’lumotlar bera oladi [4,8,9,11].
Qadimda janubiy Arabiston ham yahudiy dini keng tarqalgan joylardan hisoblanardi.
Ma’lumki, mashhur karvon yo‘li orqali Main va Sabo savdogarlari Razza shahrigacha borardilar.
Isroil - Yahudiya podshosi Sulaymon (mil. av. X asr) va Sabo malikasi haqidagi Tavrot va
Qur’onda zikr qilingan qissa yahudlar va yamanliklar o‘rtasida qadim zamonlardan beri aloqalar
mavjud bo‘lganiga ishoradir.
Janubiy Arabistonda hukm surgan Himyar davlatida (mil. avv. 115- mil. 525) yahud
jamoalari mavjud bo‘lganligiga ishoralar ko‘p.
155
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 5
Vizantiya imperatori Konstantin (340-361) tomonidan xristian dinini himyarlar orasida
tarqatish uchun yuborilgan ruhoniy Teofiliyning faoliyatiga ana shu yahudiy jamoalari qarshi
chiqqanlar. 425 yili Yamanga ziyorat qilgan xristian tarixchisi Filostorgiy Sabo ahli shanba
kunlari Ibrohim sunnatiga amal qilish bilan birga Oy, Quyosh va boshqa samoviy jismlarga ham
ibodat qilganlar[5, 11] deydi.
Yahudiy dini kabi xristian dini ham Arabistonga tashqaridan kirib keldi. Yahudiylar
o‘zlarini «xudo yorlaqagan xalq» deb hisoblab, ko‘proq mahalliy aholidan xoli yashagan
bo‘lsalar, xristianlar aksincha boshqa yerlardagi singari qadimgi Arabistonda ham keng
mubashshirlik (xristian dinini tarqatish) ishlarini olib bordilar. Qur’on va islom arafasidagi
johiliya she’riyatida xristianlar «nosoro» (nasroniylar) deb atalgan. Bu so‘z «nazaret» nomidan
olingan bo‘lib, Iso Masihning kelib chiqqan joyiga ishora qiladi. Nasroniylar Arabistonga
qachon kirib kela boshlaganini hozircha hech kim aniq ayta olmaydi. Odatda, mubashshirlar tib
va mantiq ilmidan xabardor, kishilar qalbiga qo‘l solishga usta bo‘lganligi uchun ko‘pgina qabila
boshliqlariga ta’sir qilganlar, ularning xristian dinini qabul qilishiga yoki bu ishda ularning
madadiga erishganlar.
Hijoz shaharlariga xristianlar asosan Vizantiyaning viloyatlariga aylanib qolgan Falastin
va Shomdan ko‘chib kelganlar[9, 10,11]. Islom vujudga kelish arafasida Dumat al-Jandal, Eylat,
Tayma shaharlari va hatto Yasrib, Makka, Toifda ham talaygina falastinlik va suriyalik
xristianlar bor edi. Xristian dini Makka va Toif shaharlariga Laxmiylar podsholigining poytaxti
Xira orqali ham kelgan. Makka savdogarlari u yerga Xitoy, Hindiston va Eron mollarini istab
borardilar. Xira mahalliy aholisining ko‘pchiligi V-VI asrlarda xristian dinida e’tiqod qilardi.
Habash istilosidan so‘ng Yamanda cherkovlar soni ko‘payib ketdi. Ularning ichida eng
hashamatlisi Sanadagi «Qullays» (yunoncha «Eklessiya» so‘zidan) nomi bilan mashxur cherkov
edi. Bu cherkov buzib tashlangan Al-Maqah ibodatxonasi o‘rniga qurilgandi. Zafor shahridagi
xristian cherkovining qurilishini Habashiston negusi maxsus yuborgan missioner Girgensiyning
faoliyatiga bog‘lashadi. Xristian dinining Ya’qubiya (yakovitlar) mazhabi Shom va shimoliy
Arabiston badaviy arablari orasida keng tarqaldi. Ya’qubiylar mazhabining nomi Ya’qub al-
Barodai (taxminan 500-578 y) ismidan olingan bo‘lib, u Iso Masih yakkayu-yagona tabiatga, u
ham bo‘lsa insoniy tabiatga ega bo‘lgan, deb targ‘ib qildi. Tarixiy adabiyotda bu mazhab
"monofizit" ("mono", "fizia", ya’ni yagona tabiat) nomi bilan ma’lum.
Xulosa.
Xulosa qilib aytganda, Muhammad payg‘ambarning diniy targ‘iboti quraysh
zodagonlariga katta ta’sir o‘tkazdi. Chunki ularning butun Arabiston yarim oroli qabilalari
ustidan gegemonligi zaminida birinchi navbatda ko‘p xudolilik yotardi.
Shuning uchun ham ular Muhammad targ‘ibotiga asrlar uzra davom etgan va yana davom
etishi kerak bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy tuzumga barham beruvchi voqea sifatida qaradilar. O‘z
navbatida islom vujudga kelishi jarayonida mafkuraviy kurashning keskinlashuvi ko‘p xudolik
(shirk) ustidan qat’iy hukm chiqarilishini va budparastlikni tag-tomiri bilan yo‘qotish zaruratini
taqozo qildi.
REFERENCES
1.
Ҳасанов А.А. Қадимги Арабистон ва илк ислом жоҳилия асри.T., 2000.
2.
Ислом справочник.III нашр. Т., 1989.
3.
Ҳасанов А.Тадмур маликаси. Саодат, №5. Т.,1994.
4.
Пиотровский М.Б. Южная Аравия в раннее средневековье. М., 1985.
5.
Ҳожи Исматуллоҳ Абдуллоҳ. Марказий Осиёда ислом маданияти.Т.,2005.
156
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 5
6.
Аширов А. Атаджанов Ш. Этнология. Т., 2007.
7.
Васильев Л.С. История религий Востока. М., 1988.
8.
Васильев Л.С. История Востока. М., 1998.
9.
Древние цивилизации. Под редакцией Г.М. Бангарда-Левина. М., 1989.
10.
Жабборов И. Жаҳон халқлари этнологияси. Т., 2008.
11.
Ислом справочник. III нашр. Т., 1989.
12.
Rajabov, O. (2024). XOJA UBBON IBN USMON IBN AFFON ZIYORATGOHI.
Modern
Science and Research
,
3
(10), 1-5.
13.
Shokirova, F., & Rajabov, O. (2024). TURK XOQONLIGI DAVRIDA MAHALLIY
BOSHQARUV MASALALARI.
Modern Science and Research
,
3
(5), 1166-1170.
14.
Iskandarovich, R. O. (2022). Historical Architectural Complex of the Chor (Pers. Four)
Bakr Ensemble.
15.
Rajabov, O. (2020). Qizbibi va Hazrat Bibi manzilgohlari muqaddas qadamjo
sifatida.
ЦЕНТР НАУЧНЫХ ПУБЛИКАЦИЙ (buxdu. uz)
,
1
(1).
16.
Rajabov, O. I. (2024). FEMALE SAINTS AND HOLY PLACES IN BUKHARA.
Western
European Journal of Historical Events and Social Science
,
2
(6), 18-22.
17.
Umarov, B. B. (2024). VIII-X ASRLARDA BUXORO SHAHRI TARIXIY
TOPOGRAFIYASI (SHAHRISTON MISOLIDA).
«Ёш олимлар ахборотномаси»–
«Вестник молодых ученых»
, (Спецвыпуск), 103-108.
18.
Umarov, B. (2023). ABU BAKR NARSHAXIY ASARIDA BUXORO SHAHRI
TAVSIFI.
Scientific journal of the Fergana State University,(2)
, 166-166.
19.
Bakhtishod, U. (2024). CONSTRUCTIVE ACTIVITIES TO THE SAMANID
RULERS.
Western European Journal of Historical Events and Social Science
,
2
(5), 169-
172.
20.
Умаров, Б. Б. (2021). НА КИСЛЯКОВ-ПОПУЛЯРИЗАТОР МУЗЕЕВ И ИСТОРИИ
ТАДЖИКСКОГО НАРОДА.
Экономика и социум
, (11-2 (90)), 495-497.
