Uvaysiy lirikasida muxammas shakli

CC BY f
27-31
10
40
Поделиться
Аскаров, Д. . (2023). Uvaysiy lirikasida muxammas shakli. Современные тенденции инновационного развития науки и образования в глобальном мире, 1(2), 27–31. https://doi.org/10.47689/STARS.university-pp27-31
Дилмурод Аскаров, Институт узбекского языка, литературы и фольклора Академии наук Республики Узбекистан

базовый докторант

Crossref
Сrossref
Scopus
Scopus

Аннотация

Mazkur maqolada Qo‘qon adabiy muhitining vakilasi Uvaysiy lirik merosida muxammas adabiy shaklining o‘rni, bu shakldagi namunalar tahlili, devonlaridan o‘rin olgan muxammaslar bog‘langan ijodkorlar guruhlangan, yaxlit bir umumiy manzara yaratilgan.

Похожие статьи


background image

STARS International University

27

Annotatsiya:

Mazkur maqolada Qo‘qon adabiy muhitining vakilasi Uvaysiy lirik merosida

muxammas adabiy shaklining o‘rni, bu shakldagi namunalar tahlili, devonlaridan o‘rin olgan
muxammaslar bog‘langan ijodkorlar guruhlangan, yaxlit bir umumiy manzara yaratilgan.

Kalit so‘z:

muxammas, taxmis, tatabbu’, nazira, adabiy muhit, salaf, g‘azal, devon.

Uvaysiy lirik merosida g‘azaldan keyin muxammas yetakchilik qiladi. Devonda

29 ta muxammas borligi, shundan Navoiyga 9 ta, Amiriyga 5 tasi taxmis
sifatida bog‘langan. 1960-yilda aniqlangan uch devonda ko‘plab janrdagi ijod
namunalari qatori muxammaslar ham bor. Uvaysiy devonlari qayta-qayta
nashr qilinishi sababli bugungi kunda 31 ta muxammasi aniqlangan. Uvaysiy
muxammaslari quyidagicha tartiblanadi: tab’i xud 11 ta, Navoiy g‘azaliga 6 ta,
Amiriy g‘azaliga 7 ta, Fuzuliy g‘azaliga 3 ta, Vazir g‘azaliga 3 ta, Jomiy g‘azaliga
1 ta muxammas bog‘langan. Bu shundan dalolat beradiki, Qo‘qon adabiy muhitida
muxammasnavislik yuksak cho‘qqiga chiqqan. Ijodkorlarning g‘azal, tatabbu’
yozish bilan birga muxammas ishida ham mohirligini ko‘rish mumkin.

Mumtoz adabiyotda muxammasning ikki turi farqlanadi: mustaqil va taxmis

muxammas. Uvaysiy har ikki turda barakali faoliyat olib borgan. Taxmis muxammas
yaratishda ijodkor o‘z g‘azallariga, shuningdek, o‘zga shoir g‘azallariga uch misra
qo‘shish yo‘li bilan yaratadi.

Uvaysiy tab’i xud muxammaslari: “Sahrog‘a chiqib qilg‘ali, ey yor, tamosho...”

(Devon 60-bet), “Oshkor o‘lur bul kun tab’i she’ri pinhonlar...” (Devon 108-
bet), Mehring o‘lsa soqiy bir daf’i xumor etmazmidim...” (Devon 200-bet),
“Eshitkil man beray bir necha zikringda xabar taqsir...” (Devon 208-bet), “Bu
kun tabiatim matlui jonondin tamosho qil...” (Devon 281-bet), “El degay g‘avvos
ko‘zdin gavhar afshonim ko‘rub...” (Mazmun ma’dani 191-bet), “Mulabbab
borgohingda ajab lutf-u karam tahsin...” (Mazmun madani 197-bet), “Kulbama
qo‘ydi qadam do‘st, shod-u xandonman bu kun...” (Mazmun madani 198-bet),
“Ne arz etsam, suxanras, nuktayi ash’ordin fahm et...” (Ko‘ngil gulzori), “Shifosi
yo‘qsa vasling hajri bemoringga sallamno...” (O‘zbek shoiralari bayozi), “Mavzun
qadig‘a qilib tahammul...” (O‘zbek adabiyoti tarixi R. Orzibekov 200-bet).

DILMUROD ASQAROV,

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va
folklori instituti tayanch doktaranti

UVAYSIY
LIRIKASIDA
MUXAMMAS
SHAKLI

https://doi.org/10.47689/STARS.university-pp27-31


background image

Global dunyoda ilm-fan va ta‘limdagi innovatsion

rivojlanishning zamonaviy trendlari 15 dekabr, 2022 yil.

28

Muxammasning ikkinchi shakli bo‘lgan o‘zga shoir g‘azaliga taxmis bog‘lash bu

– misoli o‘zga ijodkor bilan ijodiy hamkorlik va adabiy musobaqaga kirishishdir.
Shoirlar, odatda, o‘z tazmin muxammaslarini ma’lum poetik mahoratga ega
bo‘lganlaridan keyin, har tomonlama she’r ilmini egallagandan so‘ng yarata
boshlaganlar. Bunda asos g‘azal hamda bog‘langan taxmis misralarida mushtaraklik,
umumiy mazmun, estetik ideal birligi va mavzu hamda g‘oyada yaqinlik bo‘lishi
zarur. Taxmis muallifidan g‘azalda keltirilgan fikrlarni mantiqan rivojlantirish,
to‘ldirish va boyitishi talab etiladiki, natijada, yaralgan ijod mahsuli unga asos bo‘lib
xizmat qilgan g‘azal bilan uyg‘unlashib, bir muallif tomonidan yozilganidek tasavvur
qoldiradi. Bunday natijaga erishmagan muxammas asos g‘azal soyasida qolib, el
ichra sevib o‘qilmasligi mumkin. Bu jihatdan Uvaysiy o‘z o‘rniga ega shoiralardan.
Bog‘lagan taxmislari ham, asos g‘azallar ham poetik yetuk, pishiq hamda puxtaligi
bilan ajralib turadi.

Qo‘qon adabiy muhiti vakillari bilan bir qatorda Uvaysiy lirikasida ham Alisher

Navoiyning ta’siri sezilib turadi. Shoira muxammaslarida Navoiy g‘azallaridagi
irfoniy g‘oya, badiiy san’atdagi yakdillik, ifodaviylik, mukammallikka intilish,
shakl va mazmun mutanosibligi kabi jihatlarni ko‘rishimiz mumkin. Navoiy qator
g‘azallariga bitilgan taxmislar shoira ustoz salafi ijodiga o‘zgacha hurmat, ehtirom
bilan qaraganligining isbotidir.

Navoiy g‘azallariga Uvaysiy taxmislari: “Jon ila vasfin kitobig‘a bo‘lur

sheroza ruh...” (Devon, 93-bet), “Men xastai zoringni biror aylamading yod...”
(Devon, 104-bet), “G‘unchani yod aylamakda yor gulzoring g‘araz...” (Devon,
152-bet), “Ishq irshodi erur avroqi dilbar topsa xat...” (Devon, 156-bet), “Yig‘lamay
ko‘z abri doim o‘tti xandonlig‘da hayf...” (Devon, 165-bet), “Bo‘ldi bul kun menga
sarvi xiromon o‘tru...” (Devon, 234-bet).

Navoiyning mashhur “Hayf” radifli g‘azaliga bitilgan taxmisga qisqacha to‘xtalib

o‘tsak. Shoir g‘azali quyidagi bayt bilan boshlanadi:

Kechdi umrim naqdi g‘aflat birla nodonliqda hayf,
Qolg‘oni sarf o‘ldi anduhi pushaymonlig‘da hayf.

Inson umrining besamar o‘tishi sababidan keyinchalik pushaymon bo‘ladi.

Bunday holga tushmaslik uchun har bir onini mazmunli o‘tkazishga undaydi. Inson
umrining asosiy qismini g‘aflatda, bilimsizlik bilan o‘tkazib, keyin qolgan umri
davomida undan pushaymonlik bilan g‘am chekib o‘tkazishi, behuda sarf qilishi
qanchalik yomon ekanligini ko‘rsatib bergan.

Umr sarhisob qilinsagina, uni besamar o‘tkazmaslikka harakat qilinadi. Shoira

mazkur baytga quyidagi misralarni qo‘shadi:

Yig‘lamay ko‘z abri doim o‘tti xandonlig‘da hayf,
Hech bo‘lmas odamini umri giryonlig‘da hayf,
Sud yo‘q so‘z birla ketti jon so‘zonlig‘da hayf
Kechdi umrim naqdi g‘aflat birla nodonliqda hayf,
Qolg‘oni sarf o‘ldi anduhi pushaymonlig‘da hayf.

Hayotda faqat o‘yin-kulgu ilinjida yurgan lirik qahramon ko‘zlaridan yosh aslo

chiqmaydi, xursandchilikda behuda vaqt o‘tkazadi. Lekin odam umrini faqat yig‘lab


background image

STARS International University

29

o‘tkazishi ham uni behuda sarflashdek ish. Foydasiz ish bilan birga, behuda so‘z
so‘zlamoqlik ham umrni samarasiz sarf qilmoqlikdir. Bularda Navoiy boshlagan
ilmsizlik orqasidan umrni hayf qilishi aytilgan bo‘lsa, Uvaysiy qofiya, radif, vaznni
hamohang tarzda munosib davom ettirish bilan birga, g‘oya va mazmunda ham
mutanosiblikka erisha olgan.

Uvaysiy davom ettirgan muxammasning uch misrasi asosiy mazmunni o‘zida

mujassam qilgan asos misralardagi g‘aflat va nodonlikni atroflicha yoritib bergan.
Shuningdek, Uvaysiy Navoiy baytini to‘ldirar ekan, salafi fikrlarining takroran
tasdig‘i, iqrori sifatida bandni to‘ldiradi.

Xo‘blar mazmunidin kelgay qulog‘imga nido,
Faqrdin yuz ursa ul kibro sari vovaylato.
Dedilar qutbi zamonlar ushbu so‘zni moado,
Yaxshiroqdurkim hisob o‘lg‘onda sultondin gado,
Hayfkim bo‘lgay gado avqoti sultonlig‘da hayf.

Faqirlikni sultonlikdan ustun qo‘yish shoirning ko‘plab baytlarida bot-bot

keladi. Chunki Navoiy haqiqiy, har tomonlama komillikka erishgan sultonlar,
aslida, suratda shoh, botinda faqir bo‘lishi kerakligining tarafdori bo‘lgan. Navoiy
bir baytda ikki so‘z vositasida tazod va tardi aks san’atidan mohirona foydalana
olgan. Navoiy o‘z zamonasidagi hukmdorlarga asarlari vositasida pand-nasihat
qilar ekan, mukammal sulton qanday bo‘lishi kerakligini uqtiradi. Bunday komillika
intilmagan sultonning barcha harakatlari behuda ekanligini aytadi. Uvaysiy ustozi
boshlagan mavzuni davom ettirar ekan, yaxshi(komil inson)lar amallaridan mening
qulog‘imga nido keladi. Bu shunday nidoki, agar kimki faqrlikdan yuz o‘girib, kibr
sari boradigan bo‘lsa, bu juda achinarli holdir. Shuning uchun zamona avliyolari,
aqli komillar bu so‘zni – kibr sari olib boruvchi barcha narsalarni o‘zlaridan mosuvo
tutdilar.

Shu tariqa muxammasning barcha bandlarida Navoiy va Uvaysiy misralari birikib,

fikriy mukammallik, mazmunan yaxlitlik hosil qilingan.

Qo‘qon adabiy muhitida shoirlar bir-birlariga muxammas, tatabbu’ bog‘-

lashda musobaqa qilishgan. Bu ishda shoirlarning diqqat markazida muhit
rahnamosi Umarxon Amiriy turgan. Uvaysiy ham tatabbu’ va naziralar bilan
bir qatorda Amiriy g‘azallariga taxmis bog‘lagan. Sababi, Amiriyda o‘zgalarda
takrorlanmaydigan noyob ifoda usullari va tashbehlarni qo‘llash mahorati kuchli.
Amiriy g‘azallariga bog‘lagan Uvaysiy taxmislari: “Shifo rasmin tuzubon, ey
tabib, ishqingda bemor et…” (Devon 87-bet), “Osiydururki desa u chang-u rubob
talx…” (Devon 95-bet), “Naylayinkim telbalikdin bizni dilorom demas…” (Devon
133-bet), “Bu kun bu tab’i nomavzun vasfingni xayol etmish…” (Devon 144-bet),
“Shoh ahlig‘a yaroshur doim ehson o‘ynamoq…” (Devon 167-bet), “Bilmadim men,
ne sabab gul yuzidin tomdi gulob…” (Devon 193-bet), “Quloq solg‘il g‘aming tog‘ida
senga aylag‘an roza…” (Devon 255-bet).

Taxmislardan biriga asos bo‘lib xizmat qiluvchi Amiriy g‘azali to‘qqiz baytdan

iborat bo‘lib, yor vasfiga bag‘ishlangan. U quyidagi matla’ bilan boshlanadi:

Bahori orazing gulzori o‘lmish sabzadin toza,
Yuzing avroqi yozmish rishtai xattinga sheroza.


background image

Global dunyoda ilm-fan va ta‘limdagi innovatsion

rivojlanishning zamonaviy trendlari 15 dekabr, 2022 yil.

30

Birikmali istiora va tashbeh vositasida yor yuzining betakror qiyofasi yaratilgan.

Shoira Amiriy baytlariga misralarini qo‘shar ekan, salafi boshlagan mavzu va g‘oyani
munosib to‘ldira olgan.

Quloq solg‘il g‘aming tog‘ida senga aylag‘an roza,
Alingga olg‘il-u noz etma, keltur nag‘mangi soza.
Ko‘z-u, qosh-u, qabog‘ing xo‘b yaroshur (ul beandoza),
Bahori orazing gulzori o‘lmish sabzadin toza,
Yuzing avroqi yozmish rishtai xattinga sheroza.

Mumtoz adabiyotda ma’shuqa oshiqqa jabr qilgan holda raqibga mayl etadi, u

bilan bazm-u jamshid qiladi. Oshiq esa g‘am ichra qayg‘uda qoladi. Bu g‘am tog‘dek.
Ma’lumki, mumtoz adabiyotda yor qancha go‘zal bo‘lsa, oshiq rashkdan shuncha
ko‘p g‘am chekadi. Misraga ko‘ra, oshiq g‘am tog‘ida turib, dil rozini ma’shuqasiga
aytishni istaydi. Dardli ko‘ngil esa dardli qo‘shiq istaydi. Shuning uchun oshiq
nag‘masozga murojaat qilib, sozini qo‘liga olishini so‘ramoqda. Uchinchi misra esa
aynan Amiriy baytlari bilan uyqashib ketgan. Uvaysiy qo‘shgan oshiq kayfiyati
va yor vasfi ifodasi Amiriy misralari bilan birlashib, yaxlit manzara hosil qilgan.
G‘azalning ikkinchi bayti quyidagicha:

Iki fatton ko‘zing Chin shahridin boj olsa, tong ermas,
Xo‘tan mulkiga tushmish shuhrati zulfingdin ovoza.

Mumtoz adabiyotda Chin(Xitoy) ilm-u hunar, noyob va go‘zal ashyolar shahri

sifatida ta’riflanadi. Xo‘tan shahri esa xushbo‘y mushkning vatani sifatida vasf
etiladi. Ma’shuqaning ko‘zlari, sochlarining betakror va tengsizligini tasvirlashning
bundan ortiq ifodasi bo‘lmasa kerak.

Ko‘rib gul yuzingni bulbul navodin qolsa, tong ermas,
Muyassar bo‘lsa, qadding sarvg‘a aynolsa, tong ermas,
Labing obihayoti ichra g‘avg‘o solsa, tong ermas,
Iki fatton ko‘zing Chin shahridin boj olsa, tong ermas,
Xo‘tan mulkiga tushmish shuhrati zulfingdin ovoza.

Uvaysiy talqinida yorning gul yuzi bulbulni hayratda qoldiradi. Agar qaddini

sarv ko‘rsa, uning boshidan aylanadi, lablari esa tiriklik baxsh etuvchi obihayotga
g‘avg‘o soladi. Bu ta’rif Amiriy qalamidan to‘kilgan ko‘z va soch ta’riflari bilan
birlashib, mukammal go‘zallik tasvirining yorqin namunasi sifatida vujudga
kelganini ko‘ramiz. Qolgan bandlar ham xuddi shu tarzda bir-birini to‘ldiradi va
fikriy mukammallik kasb etadi.

Sharq klassikasining zabardast vakillaridan biri Fuzuliy o‘z ijodi bilan ko‘plab

she’riyat ixlosmandlarini o‘ziga maftun etgan. Xususan, Jahon otin Uvaysiyning
ham Fuzuliyning uchta g‘azaliga bog‘lagan taxmislari bizga qadar yetib kelgan.
Uvaysiyning Fuzuliy g‘azallariga taxmislari quyidagicha: “Ey ziyon-u suddin ixroj
majnunvor lafz…” (Devon 158-bet), “Istasang ishq etma, ey dil, sabr-u somondin
ta’ma…” (Devon 161-bet), “Dilo maqrubi jonon o‘lma uldir kor so‘zonlig‘…” (Devon
164).


background image

STARS International University

31

Uvaysiy o‘z zamondoshi, shoir Vazir g‘azallariga ham uchta taxmis bog‘lagan:

“Ishq kufr etti meni bo‘ynimda zunnorin ko‘ring…” (Devon 178-bet), “Umringni
bahorida yodi xatti rayhon qil…” (Devon 191-bet), “Ishq bahrin qa’rida uldir duri
yaktosidin…” (Devon 231).

Yuqorida aytib o‘tilgan fikrlardan shunday xulosalarga kelish mumkinki, shoira

ko‘plab tab’i xud va taxmis muxammaslari orqali o‘zining muxammas yaratish
mahoratini namoyon eta oldi. Navoiy falsafiy qarashlari bilan umumiy zaminga ega
Uvaysiy shoirning bir necha g‘azallariga mahorat bilan taxmislar bog‘laydi. Xususan,
“Hayf” radifli g‘azaliga bog‘lagan taxmisida Uvaysiy Navoiy fikrlarini rivojlantirib,
baytlar mazmunini yanada konkretlashtirgan. Shuningdek, har bir misralarni shoir
baytlariga mantiqan uyg‘un holda qo‘llash orqali yaxlit bir asar darajasiga ko‘tara
olgan. Shoiraning Amiriy, Fuzuliy, Vazir, Jomiy g‘azallariga taxmislari ham uning
she’r ilmini mukammal egallaganligi salohiyati qay darajada yuksak ekanligi haqida
tasavvur hosil qilishimizga asos beradi. Bir so‘z bilan shuni aytish mumkinki, taxmis
bog‘lash shunchaki baytni beshlantirish emas, balki taxmis bog‘lamoqchi bo‘lgan
shoir bilan mahorat musobaqasiga kirishish hamdir. Uvaysiy bu vazifani yuksak
darajada bajara oldi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1. Алишер Навоий. Ғаройиб ус-сиғар. ТАТ. 10 жилдлик. Т.: Ғ. Ғулом номида-

ги НМИУ, 2011. Ж. 3. – Б. 175.

2. Амирий. Девон I ўзбекча шеърлар. Нашрга тайёрловчи: З. Қобилова, О.

Давлатов ва бошқалар. Т.: Тамаддун, 2017. – Б. 305.

3. Увайсий шеъриятидан. – Т.: Ўзбекистон МК нашриёти, 1980;

Ўзбек шоиралари баёзи.

4. Увайсий. Девон. – Т.: Ўзбекистон бадиий адабиёт нашриёти, 1963.
5. Увайсий. Девон. – Т.: Фан, 1959.
6. Увайсий. Кўнгил гулзори. – Т.: Ғ. Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат

нашриёти, 1983.

7. Увайсий. Мазмун маъдани. Шеърлар. – Т.: Академнашр, 2010.
8. Увайсий. Нодира. – Т.: Фан, 1993.

Библиографические ссылки

Алишер Навоий. Ғаройиб ус-сиғар. ТАТ. 10 жилдлик. Т.: Ғ. Ғулом номидаги НМИУ, 2011. Ж. 3. – Б. 175.

Амирий. Девон I ўзбекча шеърлар. Нашрга тайёрловчи: З. Қобилова, О. Давлатов ва бошқалар. Т.: Тамаддун, 2017. – Б. 305.

Увайсий шеъриятидан. – Т.: Ўзбекистон МК нашриёти, 1980; Ўзбек шоиралари баёзи.

Увайсий. Девон. – Т.: Ўзбекистон бадиий адабиёт нашриёти, 1963.

Увайсий. Девон. – Т.: Фан, 1959.

Увайсий. Кўнгил гулзори. – Т.: Ғ. Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1983.

Увайсий. Мазмун маъдани. Шеърлар. – Т.: Академнашр, 2010.

Увайсий. Нодира. – Т.: Фан, 1993.

inLibrary — это научная электронная библиотека inConference - научно-практические конференции inScience - Журнал Общество и инновации UACD - Антикоррупционный дайджест Узбекистана UZDA - Ассоциации стоматологов Узбекистана АСТ - Архитектура, строительство, транспорт Open Journal System - Престиж вашего журнала в международных базах данных inDesigner - Разработка сайта - создание сайтов под ключ в веб студии Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil - ilmiy elektron jurnali yuridik va jismoniy shaxslarning in-Academy - Innovative Academy RSC MENC LEGIS - Адвокатское бюро SPORT-SCIENCE - Актуальные проблемы спортивной науки GLOTEC - Внедрение цифровых технологий в организации MuviPoisk - Смотрите фильмы онлайн, большая коллекция, новинки кинопроката Megatorg - Доска объявлений Megatorg.net: сайт бесплатных частных объявлений Skinormil - Космецевтика активного действия Pils - Мультибрендовый онлайн шоп METAMED - Фармацевтическая компания с полным спектром услуг Dexaflu - от симптомов гриппа и простуды SMARTY - Увеличение продаж вашей компании ELECARS - Электромобили в Ташкенте, Узбекистане CHINA MOTORS - Купи автомобиль своей мечты! PROKAT24 - Прокат и аренда строительных инструментов