~ 59 ~
[1, 203]. O‘z-o‘zidan ayonki, ilm, maktab, maorif masalalari Miskin ijodining ajralmas qismi
bo‘lgan ma’rifatparvarlik mavzusining yetakchi motivlaridandir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Behbudiy M. Tanlangan asarlar. – Toshkent: “Ma’naviyat”, 1999.
2. Karimov N. “Ilm ila vayronalar ham bo‘ston” // “O‘zAS” 2006 yil 14 iyul.
3. Miskin. Izlarman. – Toshkent: Tafakkur, 2011.
4. Qodiriy A. Diyori bakir. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008.
5. Qosimov B. Salom, kelajak. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at
nashriyoti, 1986.
FITRATNING ADABIY TUR VA JANRLARGA MUNOSABATI
Orzigul HAMROYEVA,
O‘zbekiston, TDO‘TAU, f.f.d.(DSc) dots
.
Annotatsiya.
O‘z davrining yirik olimi sifatida Abdurauf Fitrat ilmiy risola va
maqolalaridagi adabiy tur va janrlar, ularning ilmiy-nazariy qoidalari va amaliy tatbig‘i tadqiqiga
oid tahlillar adabiyot nazariyasiga oid tadqiqotlar uchun muhim ahamiyatga ega. Maqolada
olimning bu boradagi ilmiy qarashlari tadqiq etiladi.
Kalit so‘zlar
: adabiy tur, janr, lirika, yurakchilik, rivoya, tomosha, drama, nazm, nasr.
Adabiy tur va janrlar masalasi, unga doir tahlillar Fitrat ilmiy maqola va risolalarining asosini
tashkil etadi. Olimning “Adabiyot qoidalari” asarida badiiy adabiyot, uning shakllari, adabiy tur
va janrlariga umumiy qarash yetakchilik qilsa, “Navoiyning forsiy shoirlig‘i ham uning forsiy
devoni to‘g‘risida”, “Qutadg‘u bilig”, “Hibat ul-haqoyiq”, “Chig‘atoy adabiyoti”, “XVI asr
so‘ngra o‘zbek adabiyotig‘a umumiy bir qarash”, “O‘zbek shoir Turdi”, “Muhammad Solih”,
“Mashrab”, “Fors shoiri Umar Xayyom”, “”Farhod va Shirin” dostoni haqida”, “She’r va
shoirlik”, “Ahmad Yassaviy maktabi shoirlari to‘g‘risida tekshirishlar” kabi maqolalarida lirik
janrlarning poetik tahliliga oid ilmiy-nazariy qarashlar asosiy o‘rinni egallaydi.
Fitrat badiiy adabiyot tushunchasi va unda yozma va el adabiyotining o‘z o‘rni borligini
“Adabiyot qoidalari” asarida atroflicha tahlilga tortgan. Olim e’tiborga tortgan dastlabki masala:
yozma va el adabiyotining farqli jihatlari nimalarda ko‘rinadi? Bu ikki turdagi adabiyotni
shakliga ko‘ra ajratish qay darajada to‘g‘ri bo‘ladi? Bu borada Fitrat Vadud Mahmud fikrlarini
o‘rtaga tashlaydi. Vadud Mahmudning “Navoiygacha bo‘lgan turk adabiyoti” maqolasida el
adabiyotining xususiyatlari to‘g‘risida fikrlari keltirilgan bo‘lib, Fitrat tomonidan ahamiyatli deb
topilgan bu yondashuv “Adabiyot qoidalari”da tahlilga tortilgan [2, 18]. Unga ko‘ra ikki olim
ham el adabiyotining qay shaklda (og‘zaki, yozma) yaratilgani bu ikki turga ajratilishiga asos
bo‘la olmasligini ta’kidlaydilar. Deylik, bir asar yozma shaklda yaratilib, yo‘qolsa, keyinchalik
uning parchalari og‘izdan og‘izga ko‘chib, muallifi unutilishi va el adabiyotiga aylanishi
mumkin. Yoki aksincha maqol, matal, dostonlar keyingi avlodga yozma shaklda yetib kelishi -
tabiiy jarayon. Shu sabab bilan Fitrat el adabiyotining asosiy xususiyati shakli, muallifi ma’lum
yoki ma’lum emaslikda deb belgilash noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlab, fikrining isboti sifatida
Muqimiy, Furqat, Haziniy kabi ijodkorlarning bir qancha she’riy parchalari ommalashib, el
adabiyotiga aylanib ketganini keltiradi. Shu asosda el adabiyotining maxsus janrlari va ularning
tahliliy natijalari asosida ilmiy xulosalarini taqdim etadi.
Fitrat yozma adabiyotning deyarli barcha janrlariga oid parchalarini tahlilga tortgan va
janrlarning ilmiy-nazariy qoidalarini salaflari manbalaridagi xususiyatlari bilan qiyosiy
o‘rgangan, davriy yangilanish va tadrijiy xususiyatlarini qayd qilgan. Fitrat yozma adabiyotning
uch adabiy turini o‘ziga xos tarzda nomlaydi:
1.
Yurakchilik – lirika
2.
Rivoya – epos
3.
Tomosha [6, 78]
~ 60 ~
Olim adabiy turlarni ularning xususiyatidan kelib chiqib nomlaydi. Lirika tuyg‘uni ifoda
etishi, nasr voqeani bayon qilish, dramaturgiya ko‘rsatib berishga asoslangani bois ayni atamalar
tanlangan. Fitrat tomosha deb nomlagan adabiy tur adabiyotchilar tomonidan drama deb
nomlanishi, drama keng ma’noda adabiy tur, tor ma’noda dramaturgiyaning bir janri sifatida
ishlatilishini ta’kidlab, qiyinchilik tug‘dirmasligi uchun drama so‘zini tor ma’noda qo‘llashni
afzal ko‘rganligini izoh sifatida keltiradi. Fitrat dramaga voqeaning tasviri shoir, yozuvchining
tilidan emas, shu voqeaga aralashgan kishilar tilidan bayon qilinishiga asoslanuvchi adabiy tur
deya ta’rif beradi. Fitrat XX asr boshlarida dramaning yorqin namunasini yaratgan ijodkor
sifatida drama muvaffaqiyatini ta’minlovchi asosiy sabablardan biri sifatida dramaturg va
aktyorlarning o‘z vazifalarini mahorat bilan bajarishlarini ko‘rsatadi va shu bilan birgalikda
muvaffaqiyat shartlari keltiriladi:
1.
To‘lalik
2.
Birlik
3.
To‘g‘rilik.
Bu uch shart dramatik asarni mukammal yaxlit asar sifatidagi takomilini ta’minlab beradi.
Unga ko‘ra asarda qahramonlarning xarakterlari to‘la ochilgan bo‘lishi(to‘lalik), asardagi har bir
tasvir, voqelik bir-biriga bog‘langan bo‘lishi(birlik), tabiiy bo‘lishi(to‘g‘rilik) drama
muvaffaqiyatini ta’minlab beradi. Fitrat dramaturgiyaning komediya, tragediya, drama janrlari
va ularning o‘ziga xos xususiyatlari va tarkibiy qismlari borasida yetarlicha ma’lumotlar
keltiradi. Adabiyotshunoslar tomonidan badiiy asarning tarkibiy qismlari sifatida taqdim qilingan
boshlanma, voqealar rivoji va tugallanma dramatik asarda Fitrat tomonidan
1.
bog‘lanish
2.
borish
3.
bitish
tarzida nomlanadi, ularning asardagi o‘rni va vazifalari borasida fikrlar keltiriladi [6, 80].
Fitrat komediyaga Uyg‘unning “Turkiston tabibi”, tragediyaga Behbudiyning “Padarkush”,
o‘zining “Abulfayzxon”, “Abo Muslim” asarlarini namuna sifatida keltiradi, tahlil qiladi, janr
imkoniyatlarini ochib beradi. Fitrat dramaning sahna va musiqa bilan uyg‘un janri – operaga
ham e’tibor qaratadi, opera janrida yozilgan dastlabki asar sifatida G‘ulom Zafariyning “Halima”
asarini ko‘rsatadi. Ko‘rinib turbidiki, Fitrat XX asr boshlarida kirib kelgan dramaturgiya
xususida yetarlicha bilim va tahlil ko‘nikmasiga ega bo‘lgan.
Abdruaf Fitrat “Adabiyot qoidalari”da rivoya adabiy turiga masal, doston, hikoya, roman
janrlarini namuna tarzida keltiradiki, olim janrlar taqimotini asarlarning yozilish shakliga qarab
emas, voqealarni adib tomonidan tasvir etilishiga asoslanishiga ko‘ra ajratganiga guvoh
bo‘lamiz. Xususan, masal janri xususida to‘xtalganda Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” va
Gulxaniyning “Zarbulmasal”, Elbekning “Ikki tulki” masallarini namuna sifatida keltiradi.
Doston janri xususida ma’lumot keltirilganda ham, Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin”,
“Layli va Majnun”, “”Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy”, Durbekka nisbat berilgan “Yusuf va
Zulayxo”, Muhammad Soliyning “Shayboniynoma”, G‘ulom Za’fariyning “Cho‘lpon temir”,
“Vonnaycha” asarlari tahlilga tortiladiki, bu asarlar bugungi kundagi nasrga to‘g‘ri kelmaydi. Bu
dostonlarning barchasi she’riy shaklda yozilgan bo‘lsa-da, voqeiylikka asoslangani bois olim
tomonidan rivoya adabiy turini janrlaridan biri sifatida keltirilgan.
Fitrat bu adabiy turning muhim janrlaridan biri - hikoyaning imkoniyatlarini o‘z davrida
yaratilgan hikoyalarning mohiyatidan kelib chiqib izohlaydi, “tirikchiligimizda bo‘lub turg‘an
ko‘b voqealarning qorong‘u puchmoqlarini oydinlatib ko‘rsatadir” deya ta’rif beradi.
Cho‘lponning “Qor qo‘ynida lola”, “Oydin kechalarda” kabi hikoyalarini muhim, Abdulla
Qodiriyning “Tinch ishi”, “Uloqda” hikoyalarini go‘zal, shoir Elbekning “Qo‘shchi turg‘un”
hikoyasini uzun hikoya sifatida ta’riflaydi.
Fitrat roman rivoya asarlar orasida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, roman yozish
juda mushkul ish ekanligini aytadi, roman janrining yagona namunasi sifatida Abdulla
Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini keltiradi. Chunki ayni davrlarda “O‘tkan kunlar”dan boshqa
roman yaratilmagan edi.
~ 61 ~
Abdurauf Fitrat nasriy va dramatik asarlarni alohida sarlavhalar ostida taqdim qiladi, lirika
janrlar borasida esa o‘ziga xos uslubni qo‘llaydi. Olim lirika janrlar vazn bilan bog‘liq ekanligini
yaxshi anglaydi va mumtoz lirik janrlarni “Fors-arab aruzida tizim shakllari” sarlavhasi ostida
taqdim etadi. Barmoq vazni uchun maxsus lirik janrlar keltirilmaydi. Buning asosiy sababi
sifatida XX asr boshlaridagi adabiy jarayon: aruz va barmoq vazni elementlarining bir-biriga
o‘tgan holatdagi she’riy shakllarning yaratilishi va endigina kirib kelgan barmoq vazniga oid
yangi janrlarning shakllanmaganini ko‘rsatish mumkin. Shu sabab Fitrat faqat mumtoz lirik
janrlar izohi bilan cheklangan. “Adabiyot qoidalari”da lirik janrlardan 10tasi haqida ma’lumot
keltiriladi.
“Adabiyot qoidalari” risolasida dastlabki janr sifatida g‘azal izohlanadi. Matla’ning o‘zaro
qofiyadosh bo‘lishi, 12 baytdan oshmasligi borasidagi xususiyatlari keltirilib, Alisher
Navoiyning “Ko‘rmadim” radifli g‘azali namuna sifatida keltiriladi [6, 39]. Olimning fikriga
ko‘ra g‘azal fors adabiyoti uchun yangi emas, fors shoirlari masnaviy va qasida yozish
barobarida g‘azal ham yozganlar. Demakki, bu uch janr fors aabiyotida parallel ravishda
rivojlangan. Olim “Fors shoiri Umar Xayyom” maqolasida g‘azalchilik qasida “mo‘dadan
chiqg‘anidan” keyin yaxshiroq ko‘tarilganini qayd etadi [5, 139]. Turkiy adabiyotida uning
takomili Navoiy ijodida ko‘zga tashlanishiga e’tibor qaratadi.
Fitrat 12 baytdan ortiq she’r shaklini qasida deb nomlaydi. Ayni o‘rinda Fitrat negadir
adabiyot tarixida bir qancha qasidalar mavjud bo‘lishiga qaramay, “bizning o‘zbek-chig‘atoy
adabiyotimizda qasida yo‘li judayam kengaymagani, chiroylik namuna o‘rnaklari oz”ligini
ta’kidlaydi [6, 80]. Olim “Fors shoiri Umar Xayyom” maqolasida qasida janrining tarixiga
to‘xtaladi. Qasida arab adabiyotining qadimiy janrlaridan biri ekanligini ta’kidlab, adabiyot
tarixida “Qasidai lomiya” nomi bilan mashhur qasidaning yaratilish tarixi va mazmuni bilan
tanishtiradi.
Lirik janrlar orasida masnaviy olim tomonidan juda ko‘p tadqiq etilgan janrlardan biri
sanaladi. Olimning “Qutadg‘u bilig”, “Hibat ul-haqoyiq”, “Muhammad Solih”, “Farhod va
Shirin” dostoni to‘g‘risida”, “Fors shoiri Umar Xayyom” maqolalarida masnaviyning keng
imkoniyatlari yoritilgan, masnaviy doston va maktublar yoziladigan janr sifatida izohlangan.
Olimning “Fors shoiri Umar Xayyom” maqolasida “Fors adabiyotig‘a umumiy bir qarash”
sarlavhasi ostida fors adabiyotining muhim janrlari sifatida masnaviy, qasida, g‘azal, ruboiy
janrlari tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar keltiriladi [5, 135]. Ayni maqolada Fitrat masnaviyni
eng qadimgi janrlardan biri sifatida baholaydi, hijriy IV asrda yashagan B.Balxiy, Daqiqiy,
Rudakiy; hijriy V asrda yashagan Asadiy, Firdavsiy asarlarini ilk namuna sifatida ko‘rsatadi.
Fitrat lirik janrlar tahlilida Navoiy asarlariga ko‘p bora murojaat qiladi. Xususan, ruboiy janri
haqida to‘xtalganda, Navoiyning ruboiy hazaj bahrining 24 vaznida yoziladi degan fikriga o‘z
munosabatini bildiradi. Olimning fikriga ko‘ra bu 24 vazn bir-biriga shunchalar yaqinki, hatto
Navoiyning o‘zi ham namuna keltirayotganda ularni aralashtirib yuborgan. Shuning uchun ham
Fitrat “Aruz haqida” risolasida ruboiyning 24 vaznini 15 tasini keltiradi [4, 259]. Olimning forsiy
ruboiylar borasida fikrlari “Fors shoiri Umar Xayyom” maqolasida keltirilgan bo‘lib, olim
maqolada ruboiy va masnaviy janri forslarga arab adabiyotidan emas, eski milliy adabiyotlaridan
kirib kelganligini asoslaydi. Olim ruboiyning har bir misrasiga alohida e’tibor qaratadi.
Adabiyotshunoslar ruboiyning eng chiroyli misrasi sifatida 4-misrasini e’tirof etadilar. Fitrat ham
bu fikrni tasdiqlaydi. Hatto turkiy adabiyotdagi to‘rtliklarda ham 4-misrada asl maqsad aks
etishini ta’kidlaydi. Shu asosda ruboiyning ildizlarini shu kabi to‘rtliklarga bog‘lash kerakmikan
degan fikrni ham ilgari suradi. Biroq qat’iy isboti bo‘lmagani bois ruboiyni Eron xalq
adabiyotidan olingan degan ehtimolda qoladi. Olim maqolada fors shoirlarining har bir misrasi
bir shoirga tegishli bo‘lgan mashhur ruboiylarini tahlilga tortadi, shu orqali ruboiyning
imkoniyatlarini ochib beradi [3, 141].
Fitrat ruboiy janri izohida tuyuqqa to‘xtalib o‘tadi, tuyuqni ruboiyning ikkinchi bir shakli
sifatida taqdim qiladi. Ahmad Taroziy ham “Funun ul-balog‘a” asarida 10 janrni izohlar ekan,
tuyuqni ruboiyning bir shakli sifatida ko‘rsatgan edi [1, 43]. Fitrat ham Ahmad Taroziy izidan
borib, tuyuqni ruboiyning ikkinchi shakli sifatida ko‘rsatadi va Navoiyning “Mezon ul-avzon”
~ 62 ~
asariga murojaat qiladi. Navoiyning tuyuq ramal bahrida yozilishi kerak degan fikrini keltirib,
Navoiyning mashhur “Yo labmudur” tajnisli tuyug‘ini namuna sifatida keltiradi. .Shu o‘rinda
Fitrat o‘z davrida tajnisli shaklda yaratilayotgan to‘rtliklarga ham e’tibor qaratadi, shoirlar
tomonidan aruz vazniga yaqin jinsli she’r shakllari yaratilayotganiga ishora qiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Fitratning mumtoz lirik janrlar haqidagi fikrlariga
Navoiyning ilmiy-nazariy qarashlari asos bo‘lgan. Bu holat olimning mustazod borasidagi
fikrlarida ham ko‘zga tashlanadi. Chunki Fitrat mustazod janri haqidagi ma’lumotlarni
Navoiyning “Mezon ul-avzon” asaridagi ma’lumotlarga tayanib keltiradi, Navoiyning ma’lumoti
asosida mustazod “turk kuylariga to‘g‘ri keltirib o‘qumoq uchun so‘ngra tuzulg‘an bir shakl”
degan xulosaga keladi.
Fitrat “Adabiyot qoidalari”da musammat janriga keng o‘rin ajratadi, musammatning misralar
miqdoriga ko‘ra va yaratilishiga ko‘ra turlari xususida ma’lumotlar keltiradi. Namuna sifatida
Husayniyning Alisher Navoiyning “Netay” radifli g‘azaliga bog‘lagan taxmis muxammasini
keltiradi.
Fitrat murakkab janr sifatida tarji’band va tarkibband xususida ham to‘xtaladi. Bu ikki
janrning o‘ziga xos va farqli jihatlarini, qofiya tizimi va vosila bayt misolida Navoiy tarji’bandi
asosida tushuntirib beradi.
Fitrat “Ahmad Yassaviy”, “Yassaviy maktabi shoirlari to‘g‘risida tekshirishlar”
maqolalarida hikmat janri xususida to‘xtaladi [3]. Olim Ahmad Yassaviy she’rlarining har bir
parchasiga “hikmat” unvoni berilganini ta’kidlab, hikmatlarning shakli va uslubiga qarab
ularning muallifligi masalalariga e’tibor qaratadi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Fitrat badiiy adabiyot, uning shakllari, adabiy tur va
janrlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratgan. Badiiy asar tahlilini amalga oshirishda ularning janriy
imkoniyatlari inobatga olgan va shu orqali janriy o‘zgarishlar ko‘rsatib bera olgan.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Ahmad Taroziy. Funun ul-balog‘a -T.: Xazina, 1996.
2. Vadud Mahmud. Navoiygacha bo‘lgan turkiy adabiyot. Maorif va o‘qitg‘uchi. № 1. 1926.
3. Fitrat. Ahmad Yassaviy. Tanlangan asarlar. 2-jild. (Nashrga tayyorl. H.Boltaboev.) – T.:
Ma’naviyat, 2000.
4. Fitrat. Aruz haqida. Tanlangan asarlar. 5-jild. (Nashrga tayyorl. H.Boltaboev.) – T.:
Ma’naviyat, 2010.
5. Fitrat. Fors shoiri Umar Xayyom. Tanlangan asarlar. 2-jild. -T.: Ma’naviyat. 2000.
6. Fitrat. Adabiyot qoidalari. Tanlangan asarlar. 4-jild. (Nashrga tayyorl. H.Boltaboyev.) – T.:
Ma’naviyat, 2006.
7. Hamroyeva O.J. XX asr boshlari matnshunosligi taraqqiyotida Fitrat majmualarining o‘rni.
Monografiya. Akademnashr, 2019.
JADID HIKOYALARIDA MILLIYLIK VA AN’ANA MASALALARI TALQINI
Gulchehra IMOMOVA,
O‘zbekiston, Qarshi DU, f.f.d., dots.
Annotatsiya.
Mazkur maqola jadid hikoyalarida milliylik va an’ana masalalari
muammolarini obrazlar, xarakterlar va voqealar tahlilida ilmiy -nazariy aspektda ochib beradi.
Kalit so‘z va iboralar:
milliylik, an’ana, vorisiylik, dunyoqarash, syujet, sintez, xarakter,
obraz, detal, portret, konflikt, sath.
Insoniyat an’analar vorisiyligi bilan barhayotdir. Bevosita an’analar vorisiyligi tufayli
jamiyat rivojlanib boradi. Shunday ekan, so‘z san’ati ham an’analar davomiyligidan xoli emas.
An’ana nima o‘zi? An’ana umumiy ma’noda biror avlod tomonidan yaratilgan narsaning keyingi
avlodlar tomonidan aynan yoki muayyan o‘zgarishlar bilan davom ettirilishidan iborat noyob
