ResearchBib IF-2023: 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 1 Issue 10
ISSN: 3030-3753. VOLUME 1, ISSUE 2
182
“MABDAI NUR”DA TA’LIMIY-AXLOQIY MASALALAR TALQINI
Xurshida Karshiyeva
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti talabasi.
Ilmiy rahbar Shaxnoza Norkulova
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti o‘qituvchisi.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14329977
Annotatsiya.
Mazkur maqolada Boborahim Mashrabning “Mabdai nur” asari va unda
ta’kidlangan ta’limiy-axloqiy masalalar xususida gap boradi. “Mabdai nur” tasavvuf ruhida
yozilgan asar bo‘lib, unda insonlarning ijobiy va salbiy odatlari ta’rifi bayon etiladi. Uning inson
hayotidagi o‘rni diniy qarashlar bilan dalillanganligi ifoda etiladi. Ushbu ishda asardan she’riy
parchalar, Mashrab qalamiga mansub g‘azallardan tahlilga jalb etilgan.
Kalit so‘zlar:
Mashrab, “Mabdai nur”, Sulaymon, Iso, Muso, Rumiy, g‘azal, fazilat va
illatlar,“Qissasi Mashrab”.
ИНТЕРПРЕТАЦИЯ ВОСПИТАТЕЛЬНО-НРАВСТВЕННЫХ ВОПРОСОВ В
«МАБДАЙ НУР».
Аннотация.
В данной статье говорится о произведении Бабарахима Машраба
«Мабдаи нур» и освещенных в нем воспитательно-нравственных вопросах. «Мабдаи нур»
— произведение, написанное в духе суфизма, в котором описаны положительные и
отрицательные привычки людей. Ее место в жизни человека выражается религиозными
воззрениями. В данной работе в анализ включены поэтические отрывки из произведения-
газели, написанные Машрабом.
Ключевые слова:
Машраб, «Мабдаи нур», Соломон, Иисус, Моисей, Руми, газель,
добродетели и пороки, «История Машраба».
INTERPRETATION OF EDUCATIONAL AND MORAL ISSUES IN "MABDAI
NUR"
Abstract.
This article discusses the work of Babarakhim Mashrab "Mabdai nur" and the
educational and moral issues covered in it. "Mabdai nur" is a work written in the spirit of Sufism,
which describes the positive and negative habits of people. Its place in human life is expressed by
religious views. In this work, poetic excerpts from the ghazal work written by Mashrab are
included in the analysis.
Keywords:
Mashrab, Mabdai nur, Solomon, Jesus, Moses, Rumi, ghazal, virtues and vices,
The Story of Mashrab.
ResearchBib IF-2023: 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 1 Issue 10
ISSN: 3030-3753. VOLUME 1, ISSUE 2
183
Mashrabning “Mabdai nur” asari Jaloliddin Rumiyning mashhur “Ichingdagi ichingdadur”
masnaviysi ta’sirida tasavvufiy ruhda yozilgan bo‘lib, uch qismdan iborat she’riy asardir. Mashrab
tomonidan Rumiyning olti daftardan iborat kulliyotiga o‘xshash tarzda yozishga urinilganligi qayd
etilgan manbalar ham mavjud. “Mabdai nur” iborasi “nurning boshlanishi, chiqish joyi” ma’nosini
anglatib, tasavvuf tushunchasida Alloh nurining jilo berishi, dunyoni, kishilar qalbini yoritish kabi
ma’nolarga ega. Zotan, nur so‘zi “An-Nur” shaklida yozilsa, Allohning nomlaridan biri bo‘ladi.
“Mabdai nur”da berilgan hikoyalar mashhur so‘fiylarning hayotlaridan olingan yoxud ular
hayoti bilan bog‘liq bo‘lib, musulmon sharqida arab va fors tillaridagi yozma va og‘zaki
adabiyotda qadimdan mashhur bo‘lgan payg‘ambarlar, shoh-amirlar, avliyolar, shayxlar, xojalar,
taqvodorlar va boshqa mashhur kishilar hayotidan olingan ibratomuz, axloqiy-tarbiyaviy
rivoyatlar singari yozilgan. Hikoyalar orasida inson hayotidagi salbiy illatlar sohibi bo‘lgan
iymonsiz, diyonatsiz, fosiq, yolg‘onchi-kazzob, riyokor, maishiy buzuq, o‘g‘ri, xasis, molparast,
mutakabbir insonlar haqidagi rivoyatlar ham mavjuddir. Birinchi daftarda 46 ta, ikkinchi daftarda
59 ta, uchinchi daftarda esa 27 ta, jami 132 ta hikoya berilgan.
“Mabdai nur” tasavvuf ruhida yozilgan nazmiy-badiiy, axloqiy-tarbiyaviy asar. Mashrab
unda yakka Alloh zikri bilan yashash, o‘zni tamom unutish, bu dunyo aysh-ishratlaridan voz
kechish, poklik, halollik, rostgo‘ylik, taqvodorlik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, yetim-yesir,
kambag‘al miskinlarga shafqatli bo‘lish, xayr-saxovatli bo‘lish kabi inson uchun eng olijanob
xislatlarni targ‘ib qiladi. Muallif inson hayotidagi ijobiy va salbiy xususiyatlar haqida yozar ekan,
bularning hammasiga Qur’on va hadislardan dalillar keltiradi, Islom dini qonun-qoidalari, ya’ni
farz va sunnatlari asosida fikr yuritadi.
Jiyfai dunyoga har kim bo‘ldi g‘arq,
Kufru iymonni qilolmas hech farq (155-bet).
Tavozelik, muloyimlik, kamtarlik insonning eng olijanob xislatlaridan bo‘lib, bu
musulmonlik belgilaridan hamdir. Boylik, mansabdan mag‘rurlanib birovlarni kamsitish chin
musulmonga yot.
O‘zingdan pastni ko‘rsang, qil tavoze, bermagin ozor,
Hamisha go‘shi dilga bu edi murshidni takrori (1-33-bet).
Ey birodar, mulkka qo‘yma iqtido,
Dushmani joning erur g‘ayri Xudo (1-19-bet).
Tasavvuf amaliyotida insonning eng ashaddiy, jirkanch dushmani nafsdir. Nafs odamni
yo‘ldan ozdiradi, balolarga giriftor aylab, din-u iymondan judo qiladi, hirs-u havo, shahvat
botqog‘iga qulatadi, xor-u zor aylab pirovard oqibat do‘zah azobiga duchor etib, Alloh marhamati
ResearchBib IF-2023: 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 1 Issue 10
ISSN: 3030-3753. VOLUME 1, ISSUE 2
184
va Payg‘ambar sharofatidan mahrum etadi. “Mabdai nur”da bu haqda ko‘plab rivoyatlar
keltirilgan, nasihatlar qilingan:
Kech-kunduz nafsi sarkash hamnishin,
Bizni birlan rozdonu ahli kin (1-42-bet).
Yoki:
Bu zamon xalqi bahodiru damir,
Mardi nafsu mardi shohbat, mardi kir (1-85-bet).
Ahli dunyo, molparastlar o‘z nafsi, manfaati uchun hech narsadan toymaydi, o‘z
foydasi uchun bir don (habba) ga bu dunyo u dunyoni sotib yuborishga tayyor, ularda ishqdan
nom-u nishon yo‘q:
Maqomi bo‘yi ishqni so‘rma hargiz ahli dunyodin,
Bular bir habba topsa, zud sotar dunyo uqboni (1-56-bet).
Nafs balosi kishida hirs-u havoni ko‘paytiradi, takabburlik, g‘urur, manmanlikni, ziyoda
qilib, insoniy xislatlardan mahrum etadi. Mashrab bundaylarni do‘zahning o‘tini, iti (sagi) deb atar
ekan, undaylarda din-u iymon bo‘lmaydi deydi:
Hezumi dozag‘ degin mag‘rurni,
Din-u iymoniga topmas nurni (1-9-bet).
yoki:
Kimga bo‘lsa otashin kibru g‘urur,
Nuri rahmatni Hudo ondin olur (1-36-bet).
yoki:
Ibodat qilgin mag‘rurlikni tashlagin dildan,
Jahannamni sagidur kimki bo‘ldi kibru mag‘ruri (1-66-bet).
Mashrab qattiq qoralagan inson tabiatidagi yana bir jirkanch illat ota-bobosi, nasabi nomi
bilan yashash, ularning ulug‘ nomini o‘ziga nisbat berib, “men faloniy o‘g‘liman, faloniy
nasabidanman” deb faxrlanishidir:
Zahiri ibn falon, ibn falon,
Dilda bir arzancha yo‘q xavfi iymon (1-49-bet).
Dunyo boqiy, u tugamas, shunday dunyoda yashar ekansan birovga ozor bersang, dilini
siyoh qilsang, o‘zing ro‘siyoh (qora yuzli) bo‘lasan deydi shoir:
To jahon boqiy erur, bo‘lmas ado,
Dilsiyohlik qilma munda, rusiyoh (1-94-bet).
Mashrab yolg‘onchilik, riyokorlikni qoralar ekan, halollik, rostgo‘ylik, to‘g‘rilik, poklikni
eng yaxshi xislat deb uqtiradi va insonni shunday olijanob xislatlar sohibi bo‘lishga chaqiradi:
ResearchBib IF-2023: 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 1 Issue 10
ISSN: 3030-3753. VOLUME 1, ISSUE 2
185
Rostlik do‘zahni bog‘lar, ey amin,
Rostlarni do‘st ko‘rar haqq-ul-amin (1-195-bet).
yoki:
Rizo chun xalqni xoki ka’badur, diydanga surmangu,
Kimki rost bo‘ldi, asli dunyoga balo ko‘rmas (1-325-bet).
Bir-biriga do‘st bo‘lib yashash, yakkalanib qolmaslik, bir-biriga madadkor bo‘lish
Mashrab tomonidan “Mabdai nur”da olg‘a surilgan g‘oyalardan biridir. Lekin har kim ham do‘st
bo‘lavermaydi, birovning maqsadi yoki boyligi uchun u bilan do‘stlashish va unga
yaqinlashishdan qochish kerak:
Do‘st uldur aqli komil, ne baxt,
Haq oyhanni aytsa chun yuzungga saxt (256-bet).
“Mabdai nur”da olg‘a surilgan yana bir eng muhim axloqiy masala jamoatdan ajramaslik,
doim xalq bilan birga bo‘lish, uning madadiga suyanish g‘oyasidir. Kimki yakka bo‘lsa uni it
qopadi, dushman uni halok etishga yo‘l topadi, deydi Mashrab:
Kimki tanhogird erur, qalbi qopar,
Mordi tanhogirdga dushman yo‘l topar
(1-84-bet).
Yoki:
Jamoat qo‘l ko‘tarsa, gardaning xam qil, “omin” de,
Azizlar aytib o‘tti dev urar albatta tanhoni (1-56-bet).
Asarda goh ijobiy kishilar, ularning yaxshi fazilatlari haqida, goho palid qabih, hiylagar,
kazzob, iymonsiz, diyonatsiz, xasis kishilar haqidagi hikoyalar chuqur axloqiy-tarbiyaviy
ahamiyatga ega. Ba’zi hikoyalarni o‘qiganda kishi o‘z-o‘zidan yig‘lab yuboradi, o‘sha hikoyada
naql qilingan odam o‘rniga, o‘zini qo‘yadi-da, butun hayot yo‘lini tarozida o‘lchaydi va o‘ziga
o‘zi baho beradi, Qilmish gunohlari uchun pushaymon yeb, ko‘z yoshi to‘kib, Allohdan
gunohlarini kechirishini so‘rab iltimos qilib so‘raydi. Qirq o‘g‘ri o‘g‘rilikni tashlab avliyo bo‘lib
ketganidek, “Mabdai nur”ni o‘qiganlar ham o‘zlaridagi ba’zi bir salbiy illatlardan xoli bo‘lib,
poklik, halollik yo‘liga tushib oladilar, degan umiddamiz.
“Mabdai nur”da rivoyat qilingan hikoyalar orasida ba’zi bir ma’no jihatdan do‘stlari, aql
bovar qilmaydigan afsonaviy tarzda yozilganlari ham uchraydi: bir sulton otasining qaytadan
tirilishi va ota-bola o‘rtasidagi suhbat (1-345-betlar), o‘lganlarni va o‘lganiga 90 kun bo‘lgan
filning avliyo tomonidan tiriltirib yuborishi (4949 raqamli qo‘lyozma, 296-bet, 303-bet),
chumolining Sulaymon bilan gaplashishi (202-bet), hassaning Muso alayhissalom bilan
so‘zlashishi (102-103) kabilar shular jumlasidan.
ResearchBib IF-2023: 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 1 Issue 10
ISSN: 3030-3753. VOLUME 1, ISSUE 2
186
Islom dinida faqat Iso payg‘ambarga o‘liklarni tiriltirish mo‘jizasi berilgan. Boshqa yer
yuzidagi bandalarga bunday mo‘jiza berilmagan. Lekin avliyolar haqidagi rivoyatlarda ularga
turli-tuman hayratomuz afsonaviy nisbatlar berish yozma adabiyot (avliyolar haqidagi qissalar,
shu jumladan tasavvuf haqidagi rivoyatlarda), xalq og‘zaki ijodida ko‘plab uchraydi. “Qissasi
Mashrab”da ham Mashrab haqida ancha afsonaviy rivoyatlar keltirilganini yaxshi bilamiz.
Mashrab o‘zi tasavvufning yirik namoyandasi sifatida avliyolar mo‘jizalariga to‘la
ishongan va ular haqida islom olamida hukm surib kelgan afsonaviy rivoyatlarni o‘z asarida
she’riy yo‘l bilan bayon etgan. “Mabdai nur”da mujassamlashgan axloq-odobga oid g‘oyalarning
faqat bir tomchisi haqida to‘xtab o‘tdik, xolos. Mashrab olg‘a surgan va butun hayoti davomida
jon kuydirgan axloqiy-tarbiyaviy g‘oyalar asarni to‘la o‘qigandagina o‘quvchi ko‘z oldida
namoyon bo‘ladi. Bu olijanob, teran nasihatomuz fikrlar jamiyatimizda hozirgi kunda ham ko‘zga
tashlanadigan ayrim salbiy illatlarni yo‘qotishda yoshlar axloqi va tarbiyasini tuzatishda, hech
shubhasiz, ijobiy ahamiyatga ega bo‘ladi.
REFERENCES
1.
“Mabdayi nur” Saylanma (g‘azallar va mustazodlar). “Fan” 1994, Toshkent.
2.
N.Jumaxo’ja, I.Adizova O‘zbek adabiyoti tarixi (XVI-XIX ASR I YARMI) Toshkent
“Noshir” 2019.
3.
4.
Xurshid Davron kutubxonasi. (https:/kh-davron.uz/)
