ANTIOKSIDANTLARNING O‘SIMLIKLAR HAYOTIDAGI AHAMIYATI
Antioksidantlar o‘simlik hujayralarida hosil bo‘ladigan erkin radikallar va reaktiv kislorod shakllarining (ROS) zararli ta’sirini bartaraf etishda muhim biologik moddalardir. Ular o‘simliklarning normal fiziologik jarayonlarini saqlab turish, stress sharoitlariga (masalan: qurg‘oqchilik, sho‘rlanish, ekstremal harorat va biotik stress) bardoshliligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu maqolada o‘simliklarda antioksidant tizimining asosiy komponentlari — fermentativ (superoksid dismutaza, katalaza, askorbat peroksidaza) va nofermentativ (askorbin kislotasi, glutation, tokoferol) antioksidantlarning vazifalari va ular ishtirokida kechuvchi himoya mexanizmlari tahlil qilinadi. Shuningdek, antioksidantlarning o‘sish, rivojlanish va ildiz hosil bo‘lish jarayonlaridagi fiziologik roli, ularning stressga qarshi adaptatsion strategiyalarni shakllantirishdagi ahamiyati yoritiladi. Maqola antioksidantlar bilan bog‘liq zamonaviy tadqiqotlar natijalariga asoslanadi va ularning qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishdagi potensial imkoniyatlarini ko‘rsatib beradi.