Sizlami ilmiy anjumanimizda ma’ruzachi, ilmiy maqola muallifi sifatida ko’rib turganimdan bag’oyat xursandman! Xursandligimning birinchi sababi - Sizlar bakalavriatda tahsil olayotganingizga qaramay, ilm sohasiga ilk jiddiy qadamlar qo’yayotganingizni ko’rishim meni quvontirdi. Ikkinchi sababi - yurtimizning kelajagi, ravnaqi, qolaversa, ilm-fan sohasining davomchisi ekanligingiz va bugun buni isboti sifatida ushbu anjumanda ishtirokingizni ko’rishim.
Hozirda mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo’yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratigan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. So’nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovieh Mirziyoev 2019 yilning 30 avgustidagi “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-4433-sonli qarori, shuningdek, “Yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 2021 yilning 13 iyulidagi PF-6260-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash va yoshlar bilan ishlash, ular o’rtasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy ishlarning samaradorligini yanada oshirish hozirgi kun dolzarb masalalaridan biridir.
Bugun biz taxlikali zamonda yashayapmiz. Yaratganga shukrlar bo’lsinki, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon hayot kechirmoqda. Yoshlarimiz o’z istak-irodalariga ko’ra istagan oliy o’quv yurtlarida bilim olish imkoniyatiga egalar. Lekin Sizlarning bilimli, malakali kadr sifatida shakllanishingiz nafaqat Oliy ta’lim muassasalarida olayotgan bilimingizga, balki mustaqil fikrlash, ijod qilish, ilmiy mushoxada yurita olish, tanqidiy fikrlashni taqozo etadi. Shu kabi anjumanlar yetuk ilm sohibi, tadqiqotchi bo’lishingizda amaliy yordam beradi, deb o’ylayman.
Ko’rib turibmanki, mazkur tadbirda sizlar nafaqat ma’ruzachi, balki anjumanimiz tashkilotchisi sifatida o’zingizni namoyon qilmoqdasiz. Ishonchim komilki, natijada sizlarda kelajakda ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, jahon arenasida ilmiy ma’ruzalaringiz bilan O’zbekiston imijini ko’tarish “kuch emas, balki ilm dunyoni boshqarishini” isbotlaysiz. Bu yo’lda aziz talabalar, sizlarga ulkan yutuqlar tilayman. O’ylaymanki, talabalarni ilmga chorlovchi shu kabi ilmiy-amaliy tadbirlar bardavom bo’ladi va sizlarga — bugungi anjuman ishtirokchilariga omad tilayman va bu yerda sarflagan vaqtlaringizni unumli, qiziqarli va foydali o’tkazishingizga ishonchim komil.